O‘zbekistonda poraxo‘rlik eng ko‘p uchraydigan sohalar va hududlar ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda eng ko‘p korrupsiyaga oid jinoyatlar maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash, mahalliy hokimliklar hamda tijorat banklari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu haqda joriy yilning 8 avgust kuni Senatning 18-yalpi majlisida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasida Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruzada so‘z boradi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda 2025 yilda korrupsiyaga oid jinoyatlar bo‘yicha 7 517 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan, davlat manfaatlariga 2,9 trln so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.

Eng ko‘p korrupsiyaga oid jinoyatlar maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash, mahalliy hokimliklar hamda tijorat banklari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, javobgarlikka tortilganlar soni bo‘yicha Andijon viloyati yetakchilik qilgan – 946 kishi. Undan keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati – 793, Qashqadaryo viloyati – 745, Samarqand viloyati – 709 va Namangan viloyati – 549 kishi bilan joylashgan.

Bildirilishicha, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining har to‘rtinchisida korrupsiyaviy omillar aniqlangan, davlat xaridlari sohasida 12,6 trln so‘mlik qonunbuzilishlar qayd etilgan, ayrim davlat organlari va hududlar korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi hamda ochiqlik indeksi bo‘yicha qoniqarsiz natija ko‘rsatgan.

Senatorlar korrupsiyaga qarshi kurashishda erishilgan natijalar bilan bir qatorda, profilaktika ishlarining samaradorligini oshirish, davlat xaridlari sohasida qonuniylikni mustahkamlash, ichki nazorat (komplayens) tizimi faoliyatini kuchaytirish, davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash hamda korrupsiya oqibatida davlatga yetkazilgan zararning qoplanishi ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligini ta’kidlagan.

Muhokama jarayonida Senat a’zolari tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar bildirilgan.

Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 60 ming dollar pora bilan qo‘lga tushgan Namangan shahrining sobiq hokimi Anvarjon Otaxo‘jayev 11 yilga qamalgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing