O‘zbekistonda pedofiliya jinoyatlari dinamikasi oshib ketayotgani yo‘q – Surayyo Rahmonova
Intervyu
−
03 yanvar
9446O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik va jinsiy jinoyatlarni sodir etganlarga sud hukmi bilan qanday jazo tayinlangan bo‘lsa, ular shuncha muddat jazosini o‘taydi, yengillashtiruvchi normalar qo‘llanilmaydi. Bu haqda Oliy Majlisning Bolalar huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Surayyo Rahmonova QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Suhbatda so‘nggi vaqtlarda mamlakatda pedofillar masalasi eng yirik muammo bo‘lib qolayotgani, bolalarga nisbatan nomusga tegish kabi jinoyatlar ortib borayotganiga to‘xtalindi. Rahmonovaning bildirishicha, bolalarga nisbatan sodir etilayotgan bu turdagi jinoyatlar u qadar ko‘p emas, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘tarilayotgan shov-shuvlar odamlarda bunday jinoyatlar ko‘payib ketgani haqida xulosa uyg‘otyapti, xolos.
“Pedofiliya – bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik va jinsiy jinoyatlarning sodir etilishi nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo uchun global muammo. Siz aytganingizdek, O‘zbekistonda bunday jinoyatlar dinamikasi nihoyatda oshib ketmayati. Bugungi ochiqlikning, ijtimoiy tarmoqlarda bong urishning, umuman, har bir holat katta rezonansga sabab bo‘layotganini hisobga olsak, buning [pedofiliya] ta’siri katta jamiyatga. Bu tabiiy, albatta. Chunki bugungi kunda bunday holatlarga yo‘l qo‘yilayotgani, shu turdagi jinoyatlarning sodir etilayotgani har bir ota-ona, har qanday insonning yuragini larzaga soladi, jumbushga keltiradi”, deydi ombudsman.
So‘nggi vaqtlarda bolalarga nisbatan sodir etilayotgan jinsiy jinoyatlarga nisbatan jamoatchilik eng og‘ir jazoni berish kerak, degan fikrni ilgari surmoqda. Ombudsmanning fikricha, shundoq ham pedofillarga berilayotgan jazolarda imtiyozlar bo‘lmaydi va bu borada O‘zbekiston kerakli qadamni tashlagan.
“Jazo masalasiga kelsak, O‘zbekiston aynan bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikning sodir etilishiga qonuniy darajada katta murosasizlik ko‘rsatdi. Bu masalada Markaziy Osiyoda yetakchimiz. Bolalarga nisbatan sodir etilgan har qanday jinsiy zo‘ravonlik – nafaqat uning nomusiga tegish yoki zo‘ravonlik qilish, balki unga tegajog‘lik qilish, bolaning odob-axloqiga ta’sir qiladigan shahvoniy shilqimlik va boshqa ko‘rinishdagi – jinsiy kontekstga tegishli bo‘lgan har qanday huquqbuzarlik va jinoyat bugungi kunda nihoyatda qattiq jazolanadi. Va buni sodir etgan shaxsga nisbatan birorta yengillashtiruvchi norma qo‘llanilmaydi, ya’ni sud tomonidan unga chiqarilgan hukm shartli hukmga, jazo yengilroq jazoga almashtirilmaydi. 10 yilga hukm qilingan bo‘lsa, 10 yil davomida birinchi kundan oxirgi kunigacha belgilangan tartibda jazosini o‘taydi. Bu ham nihoyatda katta qadam va qonuniy chora sifatida juda muhim”, deydi Rahmonova.
Ma’lumot uchun, 2023 yilning 23 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.
Qonunga ko‘ra, 14, 16 yoki 18 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikni sodir etgan shaxsning qilmishi, u jabrlanuvchining yoshidan xabardor bo‘lgan yoki bo‘lmaganligidan qat’i nazar, jabrlanuvchining haqiqiy yoshidan kelib chiqib baholanishi va mutanosib og‘ir jazo, ya’ni 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanadi.
Oldingi qonunga ko‘ra, 16 yoshga to‘lmagan shaxsning roziligi bilan jinsiy aloqaga kirishgan ayblanuvchi jabrlanuvchining yoshini bilmaganligini bahona qilib, javobgarlikdan ozod bo‘lib qolish imkoniyatiga ega edi. Yangi qonunda bunday shaxslarning javobgarligining muqarrarligi ta’minlanib, ayblanuvchi jabrlanuvchining yoshini bilgan bilmaganligidan qat’i nazar 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortiladi.
Bu turdagi jinoyatlarning ijtimoiy xavfsizlik darajasi bir pog‘onaga orttirilib, ilgari ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar turkumiga kiruvchi qilmishlar uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarga, uncha og‘ir bo‘lmaganlari esa og‘ir jinoyatlar turkumiga kiritildi.
O‘z yaqinlari, yoshi kichik yoki nogironlarga nisbatan jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlarning sodir etilishi, ularning tajovuzkordan himoyalanish imkoniyati cheklanganligi sababli alohida xavflilik darajasiga ega.
Ammo qonunchilik bunday qilmishlarni alohida og‘irroq jazoni nazarda tutuvchi modda bilan malakalash uchun yetarli imkoniyatlarga ega emas edi.
Yangi qonun bilan shaxs nafaqat amaldagi turmush o‘rtog‘i yoki yaqin qarindoshiga, balki sobiq turmush o‘rtog‘iga, bir ro‘zg‘or asosida birga yashayotgan yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga, nogironga yoxud o‘ziga o‘qitish yoki tarbiyalash uchun topshirilgan shaxsga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qiladigan bo‘lsa, unga og‘irroq jazo, ya’ni ilgarigidek 3 yildan 7 yilgacha emas, balki 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi belgilandi.
Eng muhim tomoni, bolalarning jinsiy erkinliklariga qarshi sodir etilgan jinoyatlar tinchlik va insoniyat xavfsizligiga qarshi jinoyatlarga tenglashtirilib, ularni sodir etgan shaxslarga nisbatan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari qo‘llanilmasligi belgilab qo‘yildi.
Bolalarning hayoti, sog‘lig‘i yoki axloqi uchun xavfli bo‘lgan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning yagona reyestri tuzilib, ushbu reyestrga kirgan shaxslarning ta’lim, tarbiya, bolalar sog‘lomlashtirish, sport va ijodiy tashkilotlarida ishlashi hamda bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi taqiqlanmoqda.
LiveBarchasi