Ur, tep, bo‘g‘izla... Tilanchi bolalar, homilador o‘quvchilar, pedofillar va kastratsiya haqida Rahmonova bilan suhbat
Intervyu
−
29 dekabr 2023
12824O‘zbekiston zo‘ravon ota-onalar mamlakati?! Nega mamlakatda kunda-shunda qaysidir ota-ona o‘z farzandiga zo‘ravonlik qilgani, uni urgani, do‘pposlagani, o‘lasi qilib kaltaklayotgani yoki turmush o‘rtog‘idan alam olish uchun bolaga ozor berayotgani va kamiga bu qilmishini o‘zi videoga olayotgani haqida eshityapmiz, ko‘ryapmiz? Ursang eti, gapirsang beti qotadi, deganlaridek odamlar allaqachon bunday voqealarga nisbatan murosasizligini yo‘qotib qo‘ygandek.
Bolajon xalq maqomini o‘z-o‘ziga yopishtirib olgan odamlarimiz bolalarni urish, ular mehnatidan foydalanishni bolani tarbiyalash va uni chiniqtirishning asosiy omili, deb sanaydi. Aslida ham shundaymi?
QALAMPIR.UZ ushbu masalalarda ish boshlaganiga hali ko‘p bo‘lmagan Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Surayyo Rahmonova bilan suhbatlashdi. Bu Rahmonovaning mazkur lavozimda ish boshlaganidan buyon ommaviy axborot vositalariga berayotgan ilk intervyusi.
Ushbu eksklyuziv intervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ'ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Xo‘sh, Rahmonovaning zo‘ravon ota-onalar haqida fikri qanday?
“Qayerdan paydo bo‘ladi zo‘ravon ota-onalar? Qayerdan paydo bo‘ladi zo‘ravon o‘qituvchilar? Ular ham bolaligida ana shunday munosabatning qurboni bo‘lgan. Va ular shu munosabatning noto‘g‘ri ekanini shaxs sifatida belgilab olmagan, tahlil qilmagan, o‘ziga savol bermagan insonlar. Bu psixologik va shaxsining shakllanishida muammolari bor odamlar o‘zini shunday tutishi mumkin va bunga ma’naviy haqqi bor, degani emas. Hamisha aytaman, zo‘ravonlikni normallashtirish mumkin emas”, deydi Rahmonova.
Uning alohida urg‘ulab aytishicha, bugungi jamiyatda bolalar nihoyatda zaif. Bu faqat O‘zbekistonning muammosi emas. Deyarli barcha davlatlarga xos bo‘lib borayotgan holat.
“Asosan Osiyo davlatlarida bola tarbiyasi zo‘ravonlik usullari yordamida olib borilishi ijtimoiylashgan umumiy norma. Ya’ni zo‘ravonliksiz, bosimsiz bola tarbiya qilish mumkin emas, degan stereotip bor. Biz ham Osiyo yondashuviga kiramiz. Global tahlillar esa shuni ko‘rsatyaptiki, bu G‘arb davlatlarida ham keng tarqalgan norma – bolaga tarbiya berishda, albatta, zo‘ravonlik va bosim elementlari bo‘lishi shart”, deydi u.
Jamoatchilik va jurnalistlar fikricha, postsovet mamlakatlari inson huquqlari bo‘yicha vakil, jumladan bola huquqlari bo‘yicha vakil va hatto inson huquqlari faollari mustaqil emas. Ularning ishiga ijro hokimiyatidan aralashuv va bosim bor. Bu sovet davridan qolgan boshqaruv uslubi, nomi mustaqil, o‘zi esa “mustaqil”. Rahmonova O‘zbekiston sharoitida bunday emasligini alohida urg‘ulab, mustaqillikni Prezidentning o‘zi ta’minlab bergani, shuning uchun ham ombudsman parlament oldidagina hisobdor ekanini aytdi.
“Haqiqatdan ham postsovet mamlakatlarida inson huquqlariga bo‘lgan munosabat sovet davrida shiorlar darajasida bo‘lgan. Sovet mafkurasiga ko‘ra, “hamma narsa inson, hamma narsa bolalar uchun”, deyilardi, lekin bolaning huquqi nima, bola o‘zi huquq ob’ektimi, degan savollar umuman ko‘tarilmagan. Dunyodagi bunday institutlarning bo‘lishi mutlaqo sovet mafkurasiga zid edi. Davlat hamma narsani, hatto, insonlar qanday yashashini hal qilardi va buni to‘g‘ri, deb bilardi. Bundan boshqa muqobil esa umuman qabul qilinmas edi. Bizning tarixiy shakllanishimiz yaqin bo‘lgan mamlakatlarda, qo‘shnilarimizda aynan bola huquqlariga nisbatan munosabat va muammolar nihoyatda o‘xshash. Chunki biz aynan bitta yo‘ldan o‘tganmiz va transformatsiya yo‘limiz ham bir xil bo‘lgan. Shuning uchun ham holatlar va keyslar bo‘yicha nihoyatda o‘xshashmiz. Lekin, ta’kidlab aytish kerakki, munosabat tubdan o‘zgargan. Jamiyatda nafaqat inson huquqlarini himoya qilish milliy instituti, bolaning huquq va manfaatlarini himoya qilishga ixtisoslashgan maxsus organning zarur ekani davlat rahbari darajasida e’tirof etilib, Prezident farmoni asosida Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimi joriy etildi”, deydi Rahmonova.
O‘zbekistonda bolalar huquqlari bilan bog‘liq eng yirik va ko‘p ko‘zga tashlanadigan muammo – tilanchilik. Ko‘pchiligimiz yo tilanchilik qilayotgan bolalar, yo tilanchilikda vosita o‘laroq qo‘llanilayotgan go‘daklarga ko‘zimiz tushadi. Jamoatchilik ularga achinish hissi bilan qaraydi va muammo yechimsiz qolaveradi. Bu masalaga to‘xtalarkan, Surayyo Rahmonova shunday deydi:
“Tilanchilikning biznes darajasiga chiqayotgani va bunga bolalarning jalb qilish ko‘lami kengayib borayotganini inobatga oladigan bo‘lsak, albatta, bunga munosabat bildirmaslikning iloji yo‘q. Eng og‘ir masala – bolalar mehnati.
Tilanchilik faktlarining bo‘lishi, bugungi kundagi siyosiy pozitsiyamizga mutlaqo zid. Buni esa faqat qonuniy va huquqiy choralar bilan hal qilishni ham imkoni yo‘q. Chunki bu ijtimoiy voqelik. Buning turli sabablari bor. Tilanchilik qilayotgan odamlarga faqat og‘ir kundan chiqyapti, deyish ham noto‘g‘ri. Biz o‘tkazgan ko‘plab o‘rganishlar natijasi shuni ko‘rsatdiki, Toshkent shahrida tilanchilik bilan shug‘ullanayotgan bolalarning ko‘pchiligi boshqa hududlardan poytaxtga kelgan va o‘z hududida tilanchilik qilishdan uyaladi. Masalan, Qashqadaryoga borganimda atayin kuzatdim va tilanchilar umuman yo‘qligiga guvoh bo‘ldim”.
Maktab o‘quvchilari orasida homiladorlik aniqlanayotgani haqidagi xabarlar esa kishini seskantirib yuboradi. Rahmonovaga ko‘ra, bunday holatlar avval ham bo‘lgan. Hoziroq jamoatchilik nazorati kuchli bo‘lgani, ijtimoiy tarmoqlarda bong urilayotgan har bir holat katta bahslarga sabab bo‘layotgani uchun ham go‘yo o‘quvchi qizlar homilador bo‘lib qolishi ko‘p uchrayotgandek tuyulmoqda. Haqiqiy vaziyat esa u qadar vahimali emas.
“Maktab o‘quvchilari o‘rtasida homiladorlik holatlarini raqamlar bilan aytmayman. Chunki bir nechta shunday mavzular borki, ular haqida gapirilishi bunday holatlarning ommalashishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun ham bular haqida ochiq gapirilmaydi. Bolaning ham shaxsiy hayoti, qadr-qimmati bor. Bu maslalarni ochiqlash, bolalarga tahdidga asos bo‘ladi. Maqsadimiz bolani himoya qilish, unga zarar keltirish emas”, deydi ombudsman.
Tugab borayotgan 2023 yilda mamlakat jamoatchiligini larzaga keltirgan voqealarning eng boshida bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik kelmoqda.
“Jinsiy jinoyatlar ko‘payib, dinamikasi oshib ketayotgani yo‘q. Hozirgi ochiqlik siyosati, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan xabarlar, har bir holat katta rezonansga sabab bo‘layotganini inobatga olsak, buning jamiyatga ta’siri katta. Bunday jinoyatlarning sodir etilayotgani har bir insonni, ayniqsa, ota-onalarning yuragini larzaga soladi. O‘zbekiston aynan bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikka nisbatan jazo qo‘llashda qonunan nihoyatda katta murosasizlik ko‘rsatdi. Jazo og‘ir va bu jinoyatni sodir etgan shaxsga nisbatan birorta yengillashtiruvchi norma qo‘llanilmaydi, ya’ni uning hukmi shartli hukmga almashtirilmaydi. Sud tomonidan tayinlangan jazoni to‘liq o‘taydi. Bu nihoyatda katta qadam”, deydi Rahmonova.
LiveBarchasi