O‘zbekistonda paxtani mashinada terish ulushi 70 foizga yetkaziladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda paxtani mashinada terish ulushi kamida 70 foizga yetkaziladi. Bu haqda bugun, 23 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan qishloq xo‘jaligini maxsus texnika bilan ta’minlash hamda sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish yuzasidan taqdimotda so‘z boradi.

Bugungi kunda qishloq xo‘jaligida mexanizatsiya darajasi 81 foizni tashkil etmoqda. Jumladan, so‘nggi yillarda 1 ming 756 ta paxta terish mashinasi xarid qilingan va paxta terimining mexanizatsiya darajasi 52 foizga yetgan. O‘tgan mavsumda 2,1 million tonna paxta mashina yordamida yig‘ib olingan. Buning hisobiga keyingi besh yilda qo‘l mehnati 1,8 barobar qisqargan.

Navbatdagi vazifa – paxtani mashinada terish ulushini kamida 70 foizga yetkazish. Buning uchun 2026 yilda 800 ta paxta terish mashinasi, shuningdek, 6 mingta seyalka, traktor va kombayn xarid qilinishi rejalashtirilgan. Umuman, yil davomida 10 mingta yangi texnika xarid qilinib, qishloq xo‘jaligi texnikalari parki 292 mingtaga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.

Yangi texnikalarni fermerlarga qulay shartlarda lizingga berish maqsadida xalqaro moliya institutlaridan 400 million dollar jalb qilinadi. Texnikalar milliy valyutada 2 yillik imtiyozli davr bilan 10 yilga 18 foiz stavkada berilib, kredit stavkasining 8 foizi byudjet hisobidan qoplab beriladi.

Taqdimotda mamlakatda qishloq xo‘jaligi mashinasozligini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni kengaytirish ustuvor vazifa ekani ta’kidlangan. 

2026-2028 yillarda mahalliy ishlab chiqariladigan texnika va agregatlar hajmini 5 barobarga, mahalliylashtirish darajasini qo‘shimcha 10 foizga oshirish muhim ekani ko‘rsatib o‘tilgan. Xususan, 2026 yilda ishlab chiqarish 6 ming donagacha yetkazilishi, 2028 yilga qadar mahalliylashtirish ko‘rsatkichi o‘ziyurar texnikada 30-35 foizga, osma va tirkamali texnikada 60-65 foizga chiqarilishi rejalashtirilgan.

Texnika va agregatlarni sotib olishda subsidiyalashning amaldagi tizimini mahalliylashtirish darajasi 25 foizdan yuqori bo‘lgan texnikaga tatbiq etilmoqda. Taqdimotda talab yuqori bo‘lgan 3 turdagi import texnika bo‘yicha ham subsidiya ajratishni yo‘lga qo‘yish taklif qilingan. Umuman, joriy yilda texnika qiymatining 15 foizini qoplash uchun 660 milliard so‘m subsidiya yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Taqdimotda Toshkent traktor zavodi faoliyatini sog‘lomlashtirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari ham ko‘rib chiqilgan.

Sohada zamonaviy bank xizmatlarini yo‘lga qo‘yish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektga asoslangan yechimlarni joriy qilish borasidagi ishlar ham taqdimot qilingan.

2025 yilda “Agrobank” ATB tomonidan qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun 1,6 trillion so‘mlik kreditlar ajratilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 3,9 trillion so‘mga yetkazish ko‘zda tutilgan. Kreditlash jarayonlarini avtomatlashtirish natijasida kredit ajratish muddati 3 kundan 3 soatgacha qisqarishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, mijozlarga kompleks qishloq xo‘jaligi xizmatlari ko‘rsatiladi. Bunda har bir hududda bittadan agroxizmat zonalari tashkil etiladi va ularda qishloq xo‘jaligi agenti faoliyat yuritadi. Ushbu zonalarda fermerlar bir joyning o‘zida bank, konsalting, monitoring, tuproq tahlili, ko‘chat yetkazib berish xizmatlari, agronom maslahatidan foydalanishlari, o‘quv kurslari haqida ma’lumot olishlari mumkin bo‘ladi.

Bankning chorvachilik va mevachilikda, suvning sarfini “aqlli” boshqarishda sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha pilot loyihalarni amalga oshirish, qishloq xo‘jaligida startaplarni moliyalashtirish maqsadida ustav kapitali 100 milliard so‘mlik yangi venchur kompaniyasini ta’sis etish borasidagi rejalari ham ko‘rib chiqilgan.

Davlat rahbari takliflarni ma’qullab, qishloq xo‘jaligida mexanizatsiya darajasini yanada oshirish, mahalliy ishlab chiqarish va servisni rivojlantirish, raqamli platformalar orqali monitoring va moliyaviy xizmatlarni yaxshilash yuzasidan mutasaddilarga bir qator ko‘rsatmalar bergan.


Maqola muallifi

Teglar

paxta qishloq xo'jaligi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing