O‘zbekistonda oligarxlarning paydo bo‘lish xavfi yuqori – Jahon banki

Jamiyat

image

O‘zbekistonda manfaatdor doiralarning hokimiyatni egallab olish xavfi 2025 yilga borib o‘z cho‘qqisiga chiqadi. Bu haqda Jahon banki hisobotida so‘z boradi.

Hisobotda qayd etilishicha, postsovet hududidagi boshqa mamlakatlardagi, shu jumladan Rossiya va Ukrainadagi o‘zgarishlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, davlatning qo‘lga olinishi va oligarxlarning shakllanishi ko‘pincha islohotlar jarayonining ikkita muhim bosqichida sodir bo‘ladi. Bular:

•    davlat nazoratini qisqartirish va yerlarni davlat tasarrufidan chiqarish;
•    davlat korxonalarini xususiylashtirish jarayonida.

Ushbu ikkala bosqich ham hukumat tomonidan belgilab berilgan va mamlakatning tizimli diagnostikasi natijasiga ko‘ra, kelgusi besh yil uchun ham eng muhim ustuvor vazifalar hisoblanadi.

Sobiq sovet hududidagi o‘tish davridagi iqtisodiyotda olingan saboqlar, odatda, ikki turdagi manfaatlar mavjudligini ko‘rsatadi:

•    xususiylashtirish natijasida paydo bo‘lgan yangi resurslar ustidan nazoratni qo‘lga kiritish istagi;

•    bugungi kunda islohotlar jarayoniga to‘sqinlik qilishdan manfaatdor bo‘lgan hokimiyat pozitsiyasiga ega bo‘lganlar.

“Maslahatlashuvlar davomida barcha manfaatdor tomonlardan olingan ma’lumotlar O‘zbekistonda har ikki xavf darajasi yuqori ekanligini, yer uchastkalari va davlat korxonalarini xususiylashtirish bilan bog‘liq xavotirlar yuqori ekanligini tasdiqlaydi”, deyiladi hisobotda.

Jahon bankiga ko‘ra, O‘zbekistonda bozor iqtisodiyotiga o‘tish endi boshlanyapti. O‘zbekistonda so‘nggi 30 yil ichida iqtisodiy o‘zgarishlar sekin kechgan. Rejali iqtisodiyot davrida faoliyat ko‘rsatgan ayrim muassasalargina sezilarli o‘zgarishlarga duch keldi. Ko‘pgina iqtisodiy faoliyat hamon markazlashtirilgan davlat muassasalari tomonidan nazorat qilinadi. Iqtisodiyotning tarkibiy o‘zgarishlari ham dastlabki bosqichda.

“2020 yilda yalpi ichki mahsulotning (YAIM) 26 foizi qishloq xo‘jaligi hissasiga to‘g‘ri kelgan va bu Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir. Iqtisodiyotlari eng rivojlangan mamlakatlarda farovonlik jarayonlarining dvigateli bo‘lgan xizmat ko‘rsatish sohasining ulushi dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, mintaqadagi boshqa mamlakatlar darajasiga yetmaydi”, deyiladi moliyaviy tashkilot hisobotida.


Maqola muallifi

Teglar

oligarx

Baholaganlar

1140

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing