O‘zbekistonda OIVga chalingan ayollar yiliga 600 chaqaloqni dunyoga keltirmoqda

Salomatlik

image

O‘zbekistonda OIV yuqtirib olgan ayollardan har yili o‘rtacha 550-600 nafar chaqaloq tug‘ilmoqda. Bu haqda bugun, 1 dekabr kuni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, Respublika OITSga qarshi kurash markazi mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida  ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, 2006 yildan boshlab Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkilotining tavsiyalariga muvofiq, OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqishini oldini olish dasturi joriy etilgan. Unga ko‘ra har yili o‘rtacha 600 ming homilador ayol OIV tekshiruvidan o‘tadi.  

OIV infeksiyali ayollardan har yili o‘rtacha 550-600 nafar chaqaloq tug‘iladi va ularga OIV infeksiyasini onadan bolaga o‘tishini oldini olish maqsadida, retrovirusga qarshi dorilar o‘z vaqtida berib boriladi. OIV infeksiyasining onadan bolaga o‘tishini oldini olish maqsadida tug‘ilgan chaqaloqlar (6 oylikkacha) sun’iy oziqlantirish (quruq sut) bilan ta’minlanadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2019-2020 yillarda respublikaning 2 ta yirik shahri — Toshkent va Samarqand OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va aholi sog‘lig‘ini yaxshilash to‘g‘risidagi “Parij deklaratsiyasi” deb nomlanadigan butunjahon tashbbusiga qo‘shildi.

OIV aniqlangan shaxslarni davolashning dunyoda tan olingan usuli — retrovirusga qarshi davolash usuli bo‘lib, O‘zbekistonda bemorlarning 75 foizdan ortig‘i ushbu davolash usuli bilan qamrab olingan. Qayd etilishicha, JSSTning “OIV aniqlanishi bilan davolashni boshlash zarur” degan tavsiyalari asosida bugungi kunda me’yoriy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda yanvar-oktyabr oylarida OITS yuqtirib olganlarning 74 foizi kasallikka himoyalanmagan jinsi aloqa orqali chalinganini ma’lum qilgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

OIV OITS

Baholaganlar

274

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing