O‘zbekistonda OITSga oid yangi qaror qabul qilinadi

Jamiyat

image

Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Belgilanishicha, respublikada OIV infeksiyasi tarqalishini oldini olish borasida o‘tgan yillar davomida qator ishlar amalga oshirildi. 2018 yil 25 yanvardagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, 2018 yil  22 iyunda “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish va shifoxona ichki infeksiyalarini profilaktika qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori tasdiqlandi. 

OIV infeksiyasi bo‘yicha epidemik vaziyatning barqarorlashuvi va OIV infeksiyali shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordamning ta’minlanishi yaxshilanib borilishiga qaramasdan, 2030 yilga borib OIV infeksiyasi epidemiyasiga barham berishga erishish uchun “90-90-90” tamoyiliga muvofiq tadbirlarni amalga oshirish dolzarb masalalardan biri bo‘lib, o‘z yechimini kutmoqda.

Xususan, OITSga qarshi kurash markazlarining tuman darajasida tuzilmasi mavjud emas. Bu holat OIV infeksiyasi tarqalishini oldini olish va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni to‘liq amalga oshirish va muvofiqlashtirish imkonini bermaydi. Bu o‘z navbatida qishloq (mahalla) aholisiga zaruriy xizmatlarni ko‘rsatilishini qiyinlashtirmoqda.

Shu tufayli, tumanlararo OIV diagnostik laboratoriyalari qoshida epidemiolog va yuqumli kasalliklar shifokoridan tarkib topgan OITSga qarshi kurash markazlarining tuman filiallarini tashkil etish ehtiyoji mavjud.
OITSga qarshi kurash markazi laboratoriyalari Xalqaro akkreditatsiyadan o‘tmagan. Milliy akkreditatsiyadan o‘tishni belgilovchi me’yoriy hujjat qabul qilinmagan.

Laboratoriyalarda har yili o‘lchov asbob-uskunalarini Davlat standartlash markazida metrologik ko‘rikdan o‘tkazish zarurati mavjud bo‘lib, viloyatlarda bunday ko‘riklarni tashkil etish uchun imkoniyatlar yaratilmagan. 19 ta tumanlararo laboratoriyalar kapital ta’mirlashga muhtoj.

OITSga qarshi kurash markazlari xizmatida bo‘lgan avtotransportlarning aksariyati 1993 yilda va 2004-2008 yillarida (84,2 foiz) ishlab chiqarilgan va texnik ekspluatatsiya talablariga javob bermaydi. Mavjud avtotransportlarni yangisiga almashtirish va OITSga qarshi kurash markazlari uchun maxsus transportlarni xarid qilish orqali avtoparkni to‘liq jihozlash talab etiladi.

Aholining, ayniqsa qishloq aholisining OIV infeksiyasi bo‘yicha xabardorligini va kasallik yuqishini oldini olish bo‘yicha hushyorligini oshirish maqsadida Internet tarmog‘ida OIV infeksiyasi masalalari bo‘yicha maxsus axborot portalini yaratish zarur.
OITSga qarshi kurash markazlari poliklinikalari OIV infeksiyali bemorlarda ko‘p uchraydigan ichki a’zolar kasalliklarini aniqlashga mo‘ljallangan UTT, endoskop, bronxoskop, dansitometr, EKG diagnostik apparatlari bilan ta’minlanmagan.

Aholining OIV infeksiya yuqishi xavfi yuqori guruhlarda, shuningdek, chet davlatga chiqib ketayotgan va qaytgan mehnat migrantlari, ularning oila a’zolari hamda OIV infeksiya bilan kasallangan bemorlarning yaqinlari orasida tushuntirish ishlari samarasini yanada oshirish talab etiladi.
Uzoq xorij va hamdo‘stlik mamlakatlari tajribalarini o‘rganish, ular bilan hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib borish, mutaxassislar salohiyatini boshqa davlatlarda olib borilayotgan dasturlar bo‘yicha muntazam oshirib borish uchun mablag‘lar ajratilmagan.

Yangi qarorni qabul qilish va amalga oshirish orqali kutilayotgan natijalar:

1. OIV infeksiyasi tarqalishini oldini olish va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni samarasini oshirish va bu tadbirlarni tuman darajasida doimiy muvofiqlashtirish hamda qishloq (mahalla) aholisiga zaruriy xizmatlar ko‘rsatilishini yaqinlashtirish maqsadida tumanlararo OIV diagnostik laboratoriyalari qoshida epidemiolog va yuqumli kasalliklar shifokoridan tarkib topgan OITSga qarshi kurash markazlarining tuman filiallarini tashkil etish.

2. Aholining, shu jumladan OIV infeksiya yuqishi xavfi yuqori guruhlarda, chet davlatga chiqib ketayotgan va qaytgan mehnat migrantlari, ularning oila a’zolari hamda OIV infeksiya bilan kasallangan bemorlarning yaqinlari orasida tushuntirish ishlari samarasini oshirish maqsadida Internet tarmog‘ida OIV infeksiyasi masalalari bo‘yicha maxsus axborot portalini yaratish.

3. Laboratoriyalardagi uskunalarni muntazam metrologik ko‘rigini amalga oshirish uchun har bir laboratoriya uchun mahalliy byudjetdan yetarli mablag‘ (har bir laboratoriyaga 3 mln. so‘m) ajratish va Davlat standartlash markazining zamonaviy texnologiyalarni metrologik ko‘rikdan o‘tkazishni ma’muriy hududlarda tashkil etish.

4. OITSga qarshi kurash markazlarini avtotransportlarga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib, OITSga qarshi kurash markazlari uchun maxsus transportlar xarid qilish orqali avtoparkni to‘liq jihozlash (18 ta DAMAS).

5. OIV infeksiyali bemorlarda ko‘p uchraydigan ichki a’zolar kasalliklarini aniqlash uchun OITSga qarshi kurash markazlari poliklinikalariga UZI, endoskop, bronxoskop, dansitometr, EKG diagnostik apparatlarini xarid etishga mablag‘ ajratish.

6. Uzoq xorij va hamdo‘stlik mamlakatlari tajribalarini o‘rganish, ular bilan hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib borish, mutaxassislar salohiyatini boshqa davlatlarda olib borilayotgan dasturlar bo‘yicha muntazam oshirib borish uchun yetarli mablag‘ ajratish va OIV infeksiyasi profilaktikasi, davolash va diagnostikasini yanada samarasini oshirish maqsadida mutaxassislarni ilg‘or xorijiy tajribalarga asoslangan yangi usullarini joriy qilib, malakasini oshirishni kuchaytirish.

7. Jizzax, Namangan, Xorazm, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlari OITSga qarshi kurash markazlari uchun zamonaviy talablarga javob beradigan yangi binolar qurish va 19 tumanlararo laboratoriyalarda kapital ta’mirlash ishlarini amalga oshirish.
Qarorning qabul qilinishi OIV infeksiyali shaxslarni erta aniqlash, kasallikni boshqalarga yuqishini oldini olish borasidagi profilaktik tadbirlarni tez amalga oshirish va bemorlarni samarali davolash hamda ularga zarur boshqa tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha yangi sifatli bosqich bo‘lib xizmat qiladi va mamlakatning xalqaro hamjamiyat oldida OIV infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha olgan majburiyatlarini to‘laqonli bajarilishini ta’minlaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Vazirlar Mahkamasi yangi qaror OITS

Baholaganlar

43

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing