O‘zbekistonda noto‘g‘ri penalti belgilagan hakam vazifasidan chetlatildi
Sport
−
11 noyabr 2023
10773Kecha, 10 noyabr kuni O‘zbekiston Superligasining 19-turi doirasidagi “Buxoro” – “Olimpik” bahsiga hakamlik qilayotgan Komiljon Rasulov umrbod vazifasidan chetlatildi. Bu haqda O‘zbekiston futbol hakamlari markazi xabar berdi.
Gap shundaki, hakam o‘yinning 100-daqiqasida “Buxoro” darvozasi tomon nohaq penalti belgilagan. Ushbu qarordan so‘ng VAR hakamlari uni monitor yoniga chaqirgan va takrorlarni ko‘rib chiqishga chorlagan. Ammo bosh hakam videolarni ko‘rgandan so‘ng ham qarorini o‘zgartirmagan.
Natijada, o‘yin taqdirini hal qilgan ushbu bahsli vaziyat bo‘yicha Ekspert-hakamlar komissiyasining favqulodda yig‘ilishi tashkil qilingan va mutaxassislarning umumiy xulosasi olingan.
“Mazkur vaziyatda birinchi bo‘lib “Buxoro” himoyachisi to‘pga o‘ynagan. Ma’lumki, bu kabi holatlarda garchi raqib futbolchisiga nisbatan biroz qo‘pollik sodir etilsa ham, himoyalanayotgan jamoa a’zosi to‘pga o‘ynagan bo‘lsa, penalti belgilanmaydi. Shu qoidalarga asoslangan holda, ekspertlar bir ovozdan penaltining noto‘g‘ri belgilanganini qayd etishdi”, deyiladi xabarda.
O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi hakamlar qo‘mitasiga qaroriga ko‘ra, hakam Komiljon Rasulov qoidalarga zid qo‘pol xatosi tufayli Hakamlar tartib-intizom kodeksining 4.3-bandiga muvofiq futbol hakamligidan umrbodga chetlatildi.
LiveBarchasi