O‘zbekistonda noqonuniy migratsiya uchun 15 yilgacha qamoq berilishi mumkin
Jamiyat
−
15:02 2163 2 daqiqa
O‘zbekistonda Migratsiya agentligi noqonuniy migratsiyani tashkil etganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilashni taklif qildi. Bu haqdagi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.
Taklifga ko‘ra, Jinoyat kodeksini 223-1-modda (noqonuniy migratsiyani tashkil etish) bilan to‘ldirish taklif etilmoqda. Qonunchilikda belgilangan migratsiyani tashkil etish tartibini buzgan holda iqtisodiy foyda olish maqsadida noqonuniy migratsiyani tashkil etish, shuningdek, chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar yoki O‘zbekiston fuqarolarini O‘zbekistonga olib kirish, davlat chegarasi orqali olib o‘tish, xorijga olib chiqish yoki O‘zbekiston hududi orqali boshqa davlatga noqonuniy tranzitini tashkil etish, rahbarlik qilish yoki bunday faoliyatga ko‘maklashish, jumladan, transport vositasi yoki turar joy bilan ta’minlash uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Agar xuddi shu harakatlar yirik miqdorda, bir guruh shaxslar tomonidan, mansabdor shaxslar tomonidan, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilsa, besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi taklif etilmoqda.
Ushbu harakatlar o‘ta yirik miqdorda, inson hayoti yoki sog‘lig‘i uchun xavfli usulda sodir etilgan yoki boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelgan bo‘lsa, o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishi mumkin.
Qayd etilishicha, mazkur qonunning qabul qilinishi noqonuniy migratsiya sohasidagi jinoyatlar uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash, milliy qonunchilikni zamonaviy xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirishga xizmat qiladi.
Mazkur qonun loyihasi muhokamasi joriy yil 8 sentyabrga qadar davom etadi.
Live
Barchasi