O‘zbekistonda niqoblar ishlab chiqarish 10 baravarga oshirildi, chet elga eksport to‘xtatildi
Jamiyat
−
15 mart 2020
8494Koronavirus xavfi ortidan O‘zbekiston niqoblarning narxi sun’iy ko‘tirilib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Davlat soliq qo‘mitasi ushbu holatni nazorat qilib borishga javobgar. Bu haqda bugun, 15 mart kuni Vazirlar Mahkamasida o‘tgan O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, o‘tgan davr mobaynida butun dunyoda kuzatilgani kabi O‘zbekistonda ham niqoblarning narxi sun’iy oshib ketishi holati kuzatilgan. 1000-1500 so‘mdan sotilgan himoya niqoblari narxi 5 ming so‘mgacha ko‘tarilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Nigmatovich Aripovning ma’lum qilishicha, hozir niqoblarning narxini eski holatiga qaytarish bo‘yicha ish olib borilmoqda.
“Qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlarning boshqalarni boshiga tushgan sinov ortidan boyishiga hech kim yo‘l qo‘yib bermaydi”, deydi Aripov.
Bosh vazirga ko‘ra, O‘zbekistonda niqob ishlab chiqarish bundan uch oy avvalgi holatga nisbatan 10 baravarga oshirilgan. Shuningdek, ertadan boshlab niqoblarni xorijiy mamlakatlarga eksport qilish to‘xtatiladi.
Hukumat raisi mamlakat tibbiy vositalar zaxirasi haqida gapirarkan, O‘zbekistonda himoya nimchalarini ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yilganini qo‘shimcha qildi:
“Ikki oy avval O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari uchun himoya nimchalarini chiqarmas edik. Shu ikki oy ichida nafaqat ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik, balki ikkita samolyotda Xitoyga yubordik, yana bitta samolyotni Eronga jo‘natyapmiz. O‘zimizda esa yetarli miqdorda zaxirasini yaratdik”.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 15 mart kuni soat 06:00 da O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat qayd etildi. Ushbu virusni yuqtirib olgan fuqaro joriy yilning 11 mart kuni Fransiyaning Parij shahridan qaytgan. Virus bilan og‘rigan o‘zbekistonlik ayol oliy toifali shifokor bo‘lgan.
Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qiling.