O‘zbekistonda necha foiz aholi chuqur kavlama ko‘rinishidagi hojatxonalardan foydalanishi aytildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda aholining 41 foizi chuqur kavlama ko‘rinishidagi hojatxonalardan foydalanishi ma’lum bo‘ldi. Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) O‘zbekistonda hojatxonalarning sanitariya qoidalariga javob berishi haqidagi tahlilini e’lon qildi. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) va BMT Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilda O‘zbekistondagi maktablarning 13 foizida qo‘lni sovun va suv bilan yuvish uchun sharoit bo‘lmagan. Maktablarning 83 foizi toza ichimlik suvi, 78 foizi esa sanitariya vositalaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

PMTI hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda aholining 41 foizi chuqur kavlama ko‘rinishidagi hojatxonalardan foydalanadi, qishloqlarda bu ko‘rsatkich 50 foizdan yuqorini tashkil etadi. Uy xo‘jaliklarining faqat 16 foizigina markazlashgan oqava tizimiga ulangan, shaharda bu ko‘rsatkich 27 foizni, qishloq joylarida 2 foizni tashkil etmoqda.

Aniqlanishicha, dunyo miqyosida 2,5 milliard kishi sanitariya talabiga javob bermaydigan hojatxonadan foydalanadi. Qishloq joylarda sanitariya talablariga javob beruvchi hojatxonalarni qurish diareya bilan kasallanish holatlarini 30-50 foizga kamaytiradi.

“Albatta, barcha uy xo‘jaliklarini markazlashgan oqava tizimi bilan qamrab olish ko‘p vaqt va mablag‘ talab etadi. Ammo hozirgi holatda sanitariya talablariga javob bermaydigan chuqur kavlamalarni ventilyatsiya qilinadigan va plitalar bilan qoplangan holatga keltirish tavsiya etiladi. Bunda aholiga birinchi navbatda sanitariyaning inson salomatligi va kelajakdagi farovonligi uchun naqadar muhim ekanligini yetkazish zarur”, deyiladi PMTI bayonotida.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston hojatxona PMTI

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing