O‘zbekistonda NATO standartlari asosida harbiy mashina ishlab chiqildi
Jamiyat
−
22 iyul
11408O‘zbekistonda Mudofaa sanoati agentligi tomonidan NATO standartlari asosida yangi “Arslon” zirhli harbiy mashina ishlab chiqildi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanali xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mashina sakkiz desantchi va uch kishilik ekipajni o‘z ichiga sig‘dira oladi. To‘rt o‘qli ushbu harbiy mashinaning old tarafi kalibri 30 mm bo‘lgan zirh teshuvchi snaryadlardan himoya qilishga mo‘ljallangan. Yon tarafdagi zirhi esa 4,5 mm kalibrli o‘qlarni qaytarishga qodir.
Shuningdek, mashina ekipaj va qo‘shinlarni tag qismi yoki g‘ildirak ostidagi 10 kilogramm portlovchi moddaning portlashidan himoya qilishi mumkin. Kunning istalgan vaqtida nishonlarni o‘qqa tutishga qodir bo‘lgan “Arslon” 30 mm avtomatik to‘p va pulemyot bilan jihozlangan. Vazni 30-35 tonnani tashkil qiladi va bu konfiguratsiyaga qarab o‘zgarib turadi.
“Bu zirhli transportyorni yaratishda asosan NATO standartlarida nazarda tutilgan ko‘rsatkichlar inobatga olingan. Bu yuqori sifatli komponentlarni ishlab chiqaradigan korxonalar bilan hamkorlikda O‘zbekistonda yaratilgan milliy mahsulot hisoblanadi”, degan transportni ishlab chiqargan kompaniya vakili Akmal Karimov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda “Qalqon” yengil zirhli avtomobillarini ishlab chiqarish boshlangani xabar qilingandi.
LiveBarchasi