O‘zbekistonda meningit ko‘paydi. Bemorlar asosan bolalar – Sanepidqo‘mita
Jamiyat
−
23 aprel 8700 2 daqiqa
O‘zbekistonda joriy yil boshidan buyon meningokokk infeksiyasi bilan bog‘liq holatlar ko‘paygan. Infeksiya bilan bog‘liq 174 ta holatning 168 tasi bolalar bilan bog‘liq. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi xabar berdi.
Qo‘mita o‘z xabarida 2026 yilda O‘zbekistonda aholi orasida meningokokk infeksiyasi bilan bog‘liq holatlar biroz ortganini qayd etgan. Bildirilishicha, shu munosabat bilan aholi, ayniqsa bolalar orasida ushbu infeksiya keng tarqalishini oldini olish maqsadida 8024 doza vaksina xarid qilinib, bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan 4862 nafar fuqaro emlash bilan qamrab olingan. Vaksina bilan emlashga tibbiy moneligi bo‘lgan bemorlar bilan muloqotda fuqarolar uchun shifokorlar nazoratida kimyoviy profilaktika tadbirlari amalga oshirilmoqda.
“Respublikamizda 2026 yilning 1-choragida 174 ta meningokokk holati ro‘yxatga olingan bo‘lib shundan 168 nafari 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarni tashkil qilmoqda. Kasallik dinamikasiga ko‘ra, aprel oyida mart oyiga nisbatan 14 foizga kamayganligi kuzatilmoqda”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, meningit – bu bosh va orqa miya pardalarining yallig‘lanishi bo‘lib, ko‘pincha bakteriya yoki viruslar sababli yuzaga keladi va tez rivojlanishi bilan xavfli. Oldini olish choralariga quyidagilar kiradi:
- o‘z vaqtida emlanish;
- shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish;
- kasallik alomatlari kuzatilganda darhol shifokorga murojaat qilish;
- jamoat joylarida ehtiyot choralarini ko‘rish.
Shuningdek, Haj va Umra safarlariga borishdan avval meningokokk infeksiyasiga qarshi emlanishlarini, ziyoratdan kelgandan so‘ng esa, ommaviy tadbirlardan cheklanish tavsiya qilinadi. Emlash – meningokokk infeksiyasidan ishonchli himoyalanishning eng samarali usullaridan biri.
Sanepidqo‘mitaga ko‘ra, respublikada epidemiologik vaziyat barqarorligini saqlash uchun keng ko‘lamli choralar amalga oshirilmoqda. Mamlakatdagi epidemiologik vaziyat va ko‘rilayotgan choralar haqida ishonchli manbalardan ma’lumot olish so‘raladi.
Live
BarchasiToshkentdagi uyga o‘t ketdi
14 iyul