O‘zbekistonda majburiy tibbiy sug‘urta uch bosqichda joriy qilinadi

Jamiyat

image

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida majburiy tibbiy sug‘urtani joriy etish uch bosqichda amalga oshiriladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

“Dunyoning ko‘plab davlatlarida majburiy tibbiy sug‘urta tizimi joriy qilingan. Mamlakatimizda bu yo‘nalishdagi qonunchilik asoslarini ishlab chiqish jarayonida jahonda shakllangan modellar puxta va atroflicha o‘rganildi. Shu bilan birga, milliy xususiyatlarimiz ham har tomonlama tahlil etildi. O‘zbekistonda aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadida bandlik darajalari, soliq stavkalari, oylik daromadlari o‘rganilib, majburiy tibbiy sug‘urtaning hozirgi kunda optimal va ijobiy baholanib kelinayotgan byudjet modeli tanlab olindi”, deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi majburiy tibbiy sug‘urtani joriy qilish bo‘limi boshlig‘i Afzalxo‘ja Abduqodirov.

Ta’kidlanishicha, bu modelni birlamchi darajada amalga oshirish uchun Vazirlar Mahkamasi huzurida Majburiy tibbiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etiladi. Jamg‘armaning shakllanish manbalari etib davlat byudjeti bilan bir qatorda inson sog‘lig‘iga zarar keltiruvchi (tamaki, alkogol, shakar va yog‘ miqdori ko‘p bo‘lgan) mahsulotlarga qo‘llaniladigan aksiz soliqlari hamda ekologiyaga zarar yetkazuvchi korxonalardan qo‘shimcha ajratmalar tashkil etishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonda majburiy tibbiy sug‘urta tizimi 2021 yildan bosqichma-bosqich joriy etilishi loyihalashtirilgan. Bunda, birinchi bosqich 2021 yilda pilot sifatida Sirdaryo viloyatining barcha tumanlarida joriy etiladi. Mazkur viloyatda tibbiyot muassasalariga zamonaviy axborot texnologiyalarini tatbiq etish, davlat va xususiy tibbiyot muassasalari bilan shartnoma tizimi, kafolatlangan tibbiy xizmat hajmi hamda jon boshiga va har bir davolangan shaxs uchun to‘lov tizimini yaratish belgilab o‘tilgan.

Ikkinchi bosqichda 2023 – 2025 yillar davomida yana oltita viloyatlar qamrab olinadi. Uchinchi bosqichda 2025 yildan boshlab barcha hududlar to‘liq qamrab olinadi.


Maqola muallifi

Teglar

Sog'liqni saqlash vazirligi majburiy sug'urta

Baholaganlar

55

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing