O‘zbekistonda “Madad” maxsus qutqaruv markazi tashkil etiladi
Jamiyat
−
20 Oktyabr 864 2 daqiqa
O‘zbekistonda murakkab sharoitlarda ishlaydigan “Madad” milliy ko‘p tarmoqli maxsus qutqaruv markazi tashkil etiladi. Bu haqda bugun, 20 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan favqulodda vaziyatlarga tezkor javob berish tizimini takomillashtirish, suv omborlari va ularga tutash hududlardan foydalanishni tartibga solish hamda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha taqdimotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, shaharlarning kengayishi, texnologik rivojlanish va iqlim o‘zgarishi qutqaruv xizmati oldiga yangi vazifalar qo‘ymoqda. Ayni paytda ayrim yong‘in-qutqaruv qismlarining joylashuvi, binolari va texnikasi tezkor yordam ko‘rsatish talablariga to‘liq javob bermaydi.
Davlat rahbari tizimni yangilashda asosiy mezon inson hayotini saqlab qolish bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan. Buning uchun “oltin daqiqa” qoidasini amaliyotga joriy etib, shahar hududlarida qutqaruvchilarning yetib kelish vaqtini 5-7 daqiqaga, shahar markazlaridan tashqari hududlarda esa 15-20 daqiqaga tushirish vazifasi qo‘yilgan.
Aholisi 250 mingdan ortiq tuman va shaharlardagi 25 ta yong‘in-qutqaruv qismini qayta tashkil etish va zamonaviy texnika bilan ta’minlash rejalari haqida axborot berilgan. Shuningdek, murakkab sharoitlarda ishlaydigan “Madad” milliy ko‘p tarmoqli maxsus qutqaruv markazi, aviatsiya-qutqaruv bo‘limi hamda favqulodda vaziyatlarni boshqarish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish taklif etilgan.
“112” yagona dispetcherlik xizmati faoliyatini takomillashtirish, murojaat kelib tushgan paytdan uning ijrosigacha bo‘lgan jarayonni kuzatish, tegishli xizmatlar o‘rtasida axborot almashinuvini kuchaytirish masalalariga ham e’tibor qaratilgan. Sohada raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan kengroq foydalanish zarurligi qayd etilgan.
Live
Barchasi20 Oktyabr