O‘zbekistonda mahkumlarning qanday huquqlari bor?

Jamiyat

image

“O‘zbekistonda milliy preventiv mexanizmni xalqaro standartlar asosida rivojlantirish istiqbollari” mavzusida kecha, 8 oktyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyada aynan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarga nisbatan insoniylikka zid bo‘lgan qiynoqlarning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashishdagi milliy va xorijiy tajribalar mavzusida so‘z bo‘rdi. 

“Jinoyat sodir etib, ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan shaxslarga nisbatan tayinlangan jazoni o‘tash tartiblari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 50-moddasida belgilab qo‘yilgan. Ushbu tayinlangan jazoni o‘tash tartib-tamoyillari esa Jinoyat ijroiya kodeksida aniq belgilab berilgan. Jinoyat sodir etilgandan keyin ushbu shaxsga nisbatan davlat tomonidan qonunlarda belgilangan choralar qo‘llanilishi lozim. Sud tomonidan bu shaxsni jamiyatdan ajratgan holda tarbiyalash mumkin, degan xulosaga kelingandagina, jazo choralari ko‘riladi. Lekin, sud tomonidan biron bir shaxs ozodlikdan mahrum qilingan taqdirda uning asosiy huquqlari saqlab qolinadi. Ya’ni mahbuslar yashash, jazoni ijro etish muassasida mehnat qilish, o‘zining tilida bevosita so‘zlashish huquqiga ega. 

Shuningdek, mahbuslarda jazoni ijro etish muassasalarida o‘zining o‘quv bilimini oshirish, oila a’zolari, yaqinlari bilan telefon orqali gaplashish, ular bilan bevosita ko‘rishish, tibbiy xizmatdan ham foydalanish imkoniyati bor”, dedi Oliy sud sudyasi Sanobar Mamadaliyeva.

Konferensiya davomida Oliy sud sudyasining ta’kidlashicha, mahbuslar Ombudsmanga bevosita murojaat qilishlari mumkin. Shuningdek, sud qaroridan norozi bo‘ladigan bo‘lsa, bevosita sudga ham murojaat qilishi mumkin. 

“Sudga bevosita Ombudsman hamda Milliy markaz (Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi) tomonidan jazoni ijro etish joylarida jazoni o‘tayotgan shaxslar yo‘llagan murojaatlar bevosita kelib tushadi. Bundan tashqari, aynan sud himoyasida bo‘lish huquqidan ham mahrum qilinmagan ushbu shaxslar jazoni ijro etish joylaridan sudga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish huquqiga ega. Agar qabul qilingan sud qaroridan norozi bo‘lsa, sudga ham murojaat qila oladi”, dedi Sanobar Mamadaliyeva.

Ma’lumot o‘rnida, bugungi kungacha BMT doirasida inson huquq va erkinliklarini himoya qilish bilan bog‘liq, davlatlar majburiyatlarining yuridik xarakterini izohlovchi 9 ta hujjat va qarorlar qabul qilingan. O‘zbekiston deyarli barchasiga a’zo davlat hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

mahbus Oliy sud sud'yasi mahkumlar

Baholaganlar

83

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing