O‘zbekistonda mahkumlarga elektron bilaguzuklar taqilishi mumkin
Jamiyat
−
02 aprel
5949O‘zbekistonda mahkumlar uchun elektron bilaguzuklar joriy etilishi mumkin. Bu haqda “Uy qamog‘i ehtiyot chorasi va ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan shaxslarni masofaviy nazorat qilish tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.
Bildirilishicha, IIVning Jamoat xavfsizligi masalalari ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan ishlab chiqilgan elektron bilaguzuklarni joriy etish taklif qilinmoqda.
Bilaguzuklarning sinovlari barcha hududlarda muvaffaqiyatli o‘tkazilgan. Endilikda ushbu amaliyot quyidagi tartibda bosqichma-bosqich joriy etilishi mumkin:
- 1 maydan – Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida;
- 1 iyundan – Toshkent shahri, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida;
- 1 avgustdan – Jizzax, Navoiy va Buxoro viloyatlarida;
- 1 oktyabrdan – Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida;
- 1 dekabrdan – Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida.
Elektron bilaguzukni oyoqqa taqish mumkin bo‘lmagan hollarda, bilagiga elektron bilaguzuk taqishga ruxsat beriladi. Homilador ayollar, kasallikdan aziyat chekkanlar va jismoniy imkoniyati cheklanganlar bilaguzukni taqib ololmaydi.
Tahliliy eslatmada qayd etilishicha, loyihani ishlab chiqish jarayonida Koreya va Turkiya Adliya vazirliklari tizimidagi probatsiya xizmatlarining ilg‘or tajribasi o‘rganilgan.
Uy qamog‘ida saqlanayotgan shaxslarga elektron bilaguzuk xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlar Huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari, ozodlikni cheklash jazosini o‘tayotgan shaxslar uchun esa Probatsiya xizmatini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Bundan tashqari, IIV qonun loyihasini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish maqsadida jinoyat-ijroiya va jinoyat-protsessual qonun hujjatlari normalaridagi nomuvofiqliklarni bartaraf etadi.
Loyiha muhokamasi 11 aprelga qadar davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq jazoni ijro etish muassasalarida saqlanuvchi mahkumlarning kun tartibi qanday kechishi haqida ma’lumot bergan edik.
LiveBarchasi