O‘zbekistonda LGBT huquqlarini himoya qilayotgan Miraziz Bozorov o‘lasi qilib do‘pposlandi
Jamiyat
−
29 mart 2021
58551Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali LGBT huquqlarini himoya qilib kelayotgan bloger Miraziz Bozorov uyi oldida do‘pposlab ketildi va og‘ir tan jarohati oldi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, kecha, 28 mart kuni taxminan soat 22:45 larda Mirobod tumani Afrosiyob ko‘chasi 21-uy oldida 3 nafar noma’lum shaxslar 1991 yilda tug‘ilgan Bozorov Miraziz Mirzajon o‘g‘lini urib, tan jarohatlari yetkazgan va voqea joyidan noma’lum tarafga yashiringan. Olgan tan jarohatlari bilan Miraziz Bozorov shifoxonaga yotqizilgan.
Tibbiyot muassasasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ushbu fuqaroda bosh miya ochiq va yopiq jarohatlari, o‘ng qosh sohasi yirtilgan jarohati, ko‘krak qafasi va qorin sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi, o‘ng oyoq boldir suyagi ochiq sinishi jarohatlari qayd etilgan.
Mazkur holat yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi “i” bandi (“Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda Miraziz Bozorovga nisbatan tan jarohatlari yetkazgan noma’lum shaxslarni aniqlash maqsadida tergov-tezkor guruhi tuzilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 mart kuni Miraziz Bozorov TikTok’dagi sahifasi orqali LGBT himoyachilariga murojaat bilan chiqib, har juma Hazrati Imom majmuasi joylashgan maydonda to‘planish va LGBT huquqlarini himoya qilish taklifini bildirgan edi.
Kecha, 28 mart kuni soat 15:00 atrofida poytaxt Toshkentning Amir Temur xiyoboni atrofida jinoyat kodeksidan besoqolbozlik moddasini chiqarib yuborilishiga qarshi jamoatchilik vakillarining norozilik namoyishi bo‘lib o‘tgan edi. Toshkent shahar IIBBga ko‘ra, 3-4 nafar fuqarolar T.S. ismli yigit va B.R. ismli qizni LGBT faollari deb gumonlab, ularni urishga harakat qilgan. Ushbu fuqarolarga 20-25 nafar boshqa shaxslar qo‘shilib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, bezorilik harakatlarini sodir etishgan. Voqea joyida xizmat qilayotgan Toshkent shahar IIBB va Milliy gvardiya xodimlarining aralashuvi bilan T.S. va B.R. himoya qilinib, ularga tan jarohati yetkazilishiga yo‘l qo‘yilmagan. Janjalni boshlagan va faol ishtirokchisi bo‘lgan fuqarolarning 12 nafari ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi (“Bezorilik”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bundan bir necha kun avval Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti rasmiy Toshkentga yangi tahrirdagi jinoyat kodeksidan besoqolbozlik moddasini chiqarib tashlashni so‘rab, murojaat kiritgan edi. Ayni vaqtda mazkur masala siyosat va din vakillari, jamoatchilik orasida ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Deputat Rasul Kusherboyev birinchilardan bo‘lib Human Rights Watch’ning talabiga qarshi chiqdi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom sivilizatsiyasi markazi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bosh mutaxassisi Abror Muxtor Aliy esa QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida xalqaro tashkilotning O‘zbekistonga yo‘llagan ushbu murojaati va talabi davlat va xalq o‘rtasida nizo keltirib chiqarishga qaratilganini urg‘uladi.
LiveBarchasi