O‘zbekistonda kuniga qancha odam koronavirusga chalinayotgani ochiqlandi

Salomatlik

image

O‘zbekistonda har kuni o‘rtacha 15 tadan 30 tagacha koronavirus kasalligiga chalinish holatlar qayd etilmoqda. Bu haqda bugun, 1 avgust kuni QALAMPIR.UZ’ga Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Nurmat Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda pandemiya boshlanganidan beri hozirga qadar 1637 ta o‘lim holati kuzatilgan.

“Yanvardan to shu bugunga qadar kasallik o‘z me’yoridan oshmagan. O‘rtacha har kuni 15-20 ta, ba’zi holatlarda esa 30 tagacha qayd etilyapti. Bularda ham faqat yengil holatda kechmoqda. Hozirga qadar O‘zbekistonda koronavirusdan halok bo‘lganlarning umumiy soni 1637 nafarda turibdi. Hozirda ham koronavirus yoshi katta, surunkali kasalligi bor, ikkilamchi kasalligi bilan kurashib kelayotgan shaxslarga ko‘proq asoratini bermoqda”, deydi u.

Shuningdek, qo‘mita raisi o‘rinbosari hozirda koronavirusdan o‘lim holatlari kuzatilayotgani, bu kasallik bemorlarda og‘ir kechayotgani haqidagi mish-mishlar noto‘g‘ri ekanligini aytib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, bundan bir necha kun oldin ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus pandemiyasi yana boshlanishi, aholi orasida bu kasallik ko‘paygani haqidagi xabarlar tarqalgan edi. Bunga javoban Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bugungi kunda O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bo‘yicha vaziyat barqaror ekanligini aytgan. Biroq, koronavirus infeksiyasi va o‘tkir respirator infeksiyalari miks-infeksiya kasalligi sifatida, aynan emlanmagan aholi hamda surunkali kasalliklari mavjud bo‘lgan fuqarolarda kuzatilayotgani ma’lum qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

koronavirus

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing