O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi yana tarqalyaptimi?
Jamiyat
−
27 iyul 2023
14222Ijtimoiy tarmoqlarda respublika bo‘ylab koronavirus infeksiyasi bo‘yicha epidemik vaziyat yana avj olgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Mazkur holatga Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi munosabat bildirdi.
Qo‘mitaga ko‘ra, pandemiya boshlangan kundan boshlab, joriy yilning 25 iyul holatiga ko‘ra, dunyoda 692,1 mln nafardan ortiq bemorlarda koronavirus infeksiyasi aniqlangan va ulardan 6,9 mln nafari (0,9 foiz) vafot etgan. O‘zbekistonda joriy yilning 25 iyul holatiga koronavirus bilan kasallanganlar soni 255 193 nafarni tashkil etib, ulardan 253 235 nafari (99,0 foiz) sog‘aygan. Shu bilan birga, kasallanish dunyo bo‘ylab pasayish tendensiyasiga ega. Aniqlanayotgan bemorlarning aksariyatida kasallik yengil va o‘rta shakllarda o‘tmoqda.
"Bugungi kunda O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bo‘yicha vaziyat barqaror. Biroq, koronavirus infeksiyasi va o‘tkir respirator infeksiyalari miks-infeksiya kasalligi sifatida, aynan emlanmagan aholi hamda surunkali kasalliklari mavjud bo‘lgan fuqarolarda kuzatilmoqda", deyiladi munosabatda.
Joriy yilning 4 may kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda COVID-19 pandemiyasini jamoat salomatligiga xavf solmaydigan darajadaligi e’lon qilingan. Shu bilan birga, kasallanishdan himoya choralari ko‘rilishi lozimligi aytilgan.
Shuningdek, munosabatda koronavirus infeksiyasi ustidan epidemiologik nazorat va koronavirusga qarshi emlash jarayoni davom etayotgani bildirilgan.