O‘zbekistonda kreditlar aholiga noto‘g‘ri berib kelingani aniqlandi
Jamiyat
−
22 noyabr 2019
10670O‘zbekistonda berilgan kreditlarning katta qismi - fuqaroga tavsiya etilgan qarz yukidan ortiq ekanligi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Markaziy bank yozmoqda.
Aholiga ajratilgan kreditlar bo‘yicha jami 150 mingdan ortiq shartnomalar ko‘rib chiqilganda, ushbu shartnomalarning 35,3 % ida (avtokredit - 67 %, mikroqarz - 37 % va iste’mol krediti - 25 %) qarz yuki tavsiyaviy me’yordan yuqori ekanligi ma’lum bo‘lgan.
Qarz yuki – bu kredit to‘lovlarining daromadga nisbati. Ushbu ko‘rsatgich 50%dam kam bo‘lgani yaxshi, ya’ni muayyan fuqaroning barcha kreditlar bo‘yicha oylik to‘lovlari uning oylik daromadining 50%idan oshmasligi kerak.
Xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda shuni aytish mumkinki, qarz yukining oshib ketishi kelajakda jiddiy iqtisodiy muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli ushbu ko‘rsatgich doimo nazorat ostida bo‘lishi kerak.
Ushbu maqsadda Markaziy bank “Qarz oluvchi jismoniy shaxslarning kreditlar (mikroqarzlar) bo‘yicha qarz yukini hisoblash tartibi, qarz yukining ruxsat etilgan miqdori, shuningdek qarz yuki o‘sishini cheklash to‘g‘risida”gi nizom ishlab chiqib uni muhokama uchun O‘zbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga joylashtirgan edi. Yangi qonuniy hujjat yuzasidan bildirilgan fikrlar o‘rganib chiqilganidan so‘ng nizom loyihasi qayta ko‘rib chiqildi va unga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.
Unga ko‘ra, qarz yukini hisoblash qarz oluvchining amaldagi kreditlari bo‘yicha qarz qoldig‘i yig‘indisi 10 million so‘mga teng va undan oshganda hisoblash belgilanadi. Shuningdek qarz yukining eng yuqori ko‘rsatkichi esa 50 %gacha oshirilgan.
Markaziy bank xabarida aytilishiga ko‘ra, ushbu o‘zgarishlar aholining keng qatlamlari uchun kredit olish imkoniyatini chegaralamaydi va shu bilan birga qarz yukining xavfli darajada oshib ketishining oldini oladi.
LiveBarchasi