O‘zbekistonda korrupsion jinoyatlar uchun o‘lim jazosi tiklanadimi?

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev ishtirokidagi uchrashuvda O‘zbekistonda korrupsiyaning oldini olish masalalari muhokama qilindi.

Erkin Yo‘ldoshevning qayd etishicha, Bosh prokuratura tomonidan olib borilayotgan targ‘ibotlar xalqning fikrida korrupsiyaga murosasizlik kayfiyatini singdirish, bunday jinoyatlarga jazo muqarrar degan tushunchani shakllantirishga xizmat qilyapti.

Mansabdorlarning jinoyatlari ochiqlanayotgani, ulardan xalq xabardor qilinayotganining asosiy sababi ham shu.

“Davlat idoralari, xalqimiz, shu jumladan, OAV bilan birgalikda jamiyatni ichidan sog‘lomlashtira olsakkina, korrupsiyani jilovlash vazifasi natija beradi. Korrupsiyaga qarshi kurashda nafaqat shu yo‘nalishdagi Dasturning o‘zi, balki O‘zbekiston Respublikasining Rivojlanish strategiyasida ko‘zda tutilgan har bir Dastur, har bir tadbir o‘zining samarasini berayapti, ularning o‘zaro bog‘liqligi namoyon bo‘layapti”, dedi Erkin Yo‘ldoshev.

Shuningdek uchrashuvda jinoyat qonunchiligiga korrupsion jinoyatlar uchun favqulodda jazo sifatida o‘lim jazosini belgilash bilan korrupsiya holatlariga to‘liq barham berib bo‘lmasligi ta’kidlandi.

Bosh prokuror o‘rinbosarining fikricha, qonunchiligimizda ilgari o‘lim jazosini qo‘llash bor edi, qonunlarni qo‘llashning uzoq yillik tajribasidan kelib chiqib, bunday qattiqqo‘llik shaxsni qayta tarbiyalashda samara bermagan, ayrim holatlarda inson huquqlarini tuzatib bo‘lmaydigan darajadagi poymol etilishiga ham olib kelgani uchun bu amaliyotdan voz kechilgan va qonunchiligimiz bu yo‘ldan orqaga qaytmaydi.

Shu bilan birga qamoqxonani mahkumlarga to‘ldirib tashlayverish bilan ham ish bitmaydi. Asosiy vazifa jinoyat sodir etilishining oldini olish, agar shunday bo‘lgan bo‘lsa, jinoyat oqibatlarini minimallashtirib, xato qilgan shaxsning jamiyatdan butunlay uzilib ketishiga yo‘l qo‘ymasdan qayta tarbiyalab, elga qo‘shishdan iborat. Toki bu shaxs xatosini tushunsin, afsus qilsin, qilgan jinoyatining oqibatini bartaraf etishda o‘zi ishtirok etib, jamiyatga yetkazgan zararini to‘ldirsin.

Qayd etilishicha, korrupsiyaning oldini olish uchun qonunga o‘zgarishlar ham kiritilayapti. Masalan, Jinoyat kodeksining pora berganlik va pora olish-berishda vositachilik qilganlik uchun jinoiy javobgarlik keskin kuchaytirilgan, mazkur jinoyatlar uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar toifasidan o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar toifasiga o‘tkazilgan, ularning sanksiyalarida 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlanishi ko‘zda tutilgan.

BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi fakultativ protokoliga qo‘shilish masalasi ayni paytda respublikaning tegishli vazirlik va idoralari tomonidan o‘rganilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Bosh prokuratura Korruptsiya Jinoyat kodeksi

Baholaganlar

73

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing