O‘zbekistonda koronavirus sabab bayram tadbirlari bekor qilindi – Hukumat bayonot berdi
Jamiyat
−
13 mart 2020
59165O‘zbekistonda dunyo miyoqsida keng tarqalayotgan yangi turdagi COVID-19 koronavirusining kirib kelishi va tarqalishini oldini olish maqsadida qator tadbirlar bekor qilinmoqda. Bu haqda Vazirlar Mahkamasida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Vazirlar Mahkamasida Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish, jamoat tartibini saqlash hamda aholi xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “2020 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida” 2020 yil 3 martdagi qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, bayram “Navro‘zing – yangi kun, yangi davroning muborak, jonajon O‘zbekistonim!” degan bosh g‘oya o‘zida mujassam etgan holda yuqori saviyada, xalq sayli ko‘rinishida tashkil etiladi.
Joylarda ko‘chma savdo do‘konlari, hunarmandchilik ko‘rgazmalari, kitob rastalari, bahoriy taom sotiladigan ochiq oshxonalar tashkil etiladi, milliy chorpoyalar, so‘rilar va xontaxtalar joylashtiriladi.
Bog‘larda, ochiq maydonlarda dorbozlar, polvonlar, masxarabozlar, qo‘g‘irchoqbozlarning tomoshalari, qushlar ko‘rgazmasi, varrak uchirish, arqon tortish, arg‘imchoq uchish kabi xalq o‘yinlari musobaqalari tashkil etiladi.
Sayl davomida mamlakatimizda istiqomat qiladigan turli millat vakillarining badiiy chiqishlari, folklor-etnografik guruhlarning konsertlari ham o‘tkaziladi.
Navro‘z umumxalq bayrami oldidan xayriya hashari o‘tkazilishi an’anaga aylangan. Yig‘ilishda joriy yilning 14-15 mart kunlari “Obod yurt” umumxalq obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish xayriya hasharini uyushqoqlik bilan tashkil etish va yuqori saviyada o‘tkazish masalalari ham muhokama qilindi.
Asosiy bayram tadbirlari va xalq sayllari o‘tkaziladigan joylarda yangi turdagi COVID-19 koronavirusining kirib kelishi va tarqalishini oldini olish maqsadida tegishli profilaktik choralar ko‘riladi, tibbiy nazorat kuchaytiriladi. Shu bilan birga, mazkur yuqumli infeksiya inobatga olinib, xavfsizlik nuqtai nazaridan bir qator mahalliy va xalqaro darajadagi, chet ellik mehmonlar ishtirokidagi tadbirlar bekor qilinmoqda.
Xususan, bayram arafasida Toshkent shahrida o‘tadigan Navro‘z marafoni, Xiva shahrida 31 mart 1 aprel kunlari tashkil etiladigan “2020 yilda Xiva shahri turkiy dunyo madaniyati poytaxti” yilining rasmiy ochilish marosimi hamda “Buxoro shahri – Islom olami madaniyati poytaxti”, deb e’lon qilinishi munosabati bilan 14-16 aprel kunlari o‘tkaziladigan tadbirlar bekor qilindi.
Majlisda Navro‘z umumxalq bayrami bilan bog‘liq tadbirlarni tashkil etish va yuqori saviyada, tinch-osoyishta o‘tishini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan Madaniyat, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash, Mudofaa vazirliklarining hisoboti tinglandi.