Qozog‘istonda ikki fuqaroda koronavirus aniqlandi
Olam
−
13 mart 2020
10868O‘zbekistonning yaqin qo‘shnisi Qozog‘istonda koronavirus bilan bog‘liq birdaniga ikki holat qayd etildi. Ma’lumotlarga qaraganda, Germaniyadan qaytgan fuqarolar koronavirusga chalingani aniqlangan. Ular Olma-ota shifoxonasiga yotqizilgan. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Yeljan Birtanov xabar bergan.
"Bugun, chuqur tekshiruvlardan so‘ng ikki fuqaromizda koronavirus aniqlandi. Germaniyadan kelgan Qozog‘iston fuqarolari testlarni topshirdi va ularda koronavirus qayd etildi", deydi vazir.
Yangi koronavirus
Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.
JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli uni epidemiya emas, pandemiya deb e’lon qildi. Bu virus bir emas, bir nechta davlatlarni to‘laqonli qamrab olganda e’lon qilinadigan holat hisoblanadi. JSST yangi koronavirusga rasman nom berdi va u COVID-2019 deb ataldi. Virus bugungacha 127 davlatga kirib bordi.
Koronavirus bugungacha qurbonlar soni bo‘yicha 2002 yildagi atipik pnevmoniya (SARS) va 2012 yildan beri Yaqin Sharq respirator sindromini (MERS-CoV) ortda qoldirdi. SARS`dan 8096 nafar odam kasallangan, shulardan 774 nafari (o‘lim darajasi 9,6 foiz) halok bo‘lgan. MERS-CoV virusidan 2494 nafar odam kasallanib, ularning 858 (o‘lim darajasi 34,4 foiz) nafari qurbon bo‘lgan.
Ayni vaqtga qadar koronavirus bilan xastalanganlar dunyo miqyosida 135 063 kishini tashkil etmoqda. 4 990 kishi virusdan vafot etdi. Shuningdek, 70 405 kishi ushbu xastalikdan forig‘ bo‘ldi.
LiveBarchasi