O‘zbekistonda xususiy OTM ochish uchun yangi talablar belgilandi

Jamiyat

image

Endilikda tashkil etilayotgan oliy ta’lim tashkilotining ta’lim jarayoniga mo‘ljallangan bino va inshootlari maydoni 5 ming kvadrat/metrdan kam bo‘lmasligi lozim. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 30 iyun kuni qabul qilingan “Respublikada nodavlat ta’lim xizmatlari sifatini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi. 

Qaror bilan litsenziyalashning qo‘shimcha shartlari belgilandi. Xususan, endilikda talabgor tomonidan tashkil etilayotgan oliy ta’lim tashkilotining konsepsiyasi taqdim etiladi.

Konsepsiyada quyidagilar ko‘rsatiladi:

  • ta’lim tashkilotining nomi;
  • maqomi;
  • boshqaruv tizimi va kadrlari;
  • asosiy ta’lim va ilmiy faoliyat yo‘nalishlari;
  • qabul parametrlari;
  • ta’lim sifatini ta’minlash tizimi va vositalari;
  • to‘lov-kontrakt miqdori va uning hisob-kitobi;
  • ta’lim tashkilotini rivojlantirish bo‘yicha 5 yillik strategik rejasi;
  • ta’lim tashkiloti faoliyatiga oid boshqa muhim masalalar.

Shuningdek, talabgor tomonidan nodavlat oliy ta’lim tashkilotining ta’lim jarayoni bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan moddiy-texnik baza, dasturiy ta’minotni o‘z ichiga olgan dastlabki ustav fondi (ustav kapitalini) 2 mln AQSH dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdorda shakllantiradi. Keyinchalik talabalar sonining ko‘payib borishiga mutanosib ravishda ustav fondi oshirib boriladi.

Talabgor tomonidan 350 ming AQSH dollari ekvivalentidagi mablag‘lar tijorat banklaridagi depozitlarga zaxiraga joylashtiriladi.

Bundan tashqari, tashkil etilayotgan oliy ta’lim tashkilotining ta’lim jarayoniga mo‘ljallangan bino va inshootlari maydoni 5 ming kvadrat/metrdan kam bo‘lmasligi lozim. Bunda bino universitetning o‘z mulki bo‘lishi shart emas, kamida 5 yil muddatga tuzilgan ijara (tekin foydalanish) shartnomasi asosida ish boshlash ham mumkin;

Shu bilan birga, oliy ta’lim tashkiloti tashkil etilgan vaqtdan boshlab dastlabki 5 yil davomida uning yillik sof foydasining kamida 80 foizi, keyingi yillarda esa kamida 50 foizi mazkur ta’lim tashkilotining asosiy faoliyatini rivojlantirishga yo‘naltiradi. 

OTMlar ikki bosqichda faoliyat boshlaydi: avval litsenziya, so‘ng maxsus akkreditatsiya. Akkreditatsiyadan o‘tmagan dasturlar bo‘yicha talabalar qabul qilinishi qat’iyan man etiladi.

Ushbu qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi. Qaror kuchga kirgunga qadar litsenziya olgan tadbirkorlik sub’ektlari 2026 yil 1 yanvarga qadar o‘z faoliyatini yangi litsenziya talablari va shartlari asosida tashkil etishi lozim.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda oliy ta’lim sohasida bir qancha o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Xususan, “Ta’lim sifatini ta’minlash va ta’lim xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni bilan O‘zbekistonda 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab sirtqi ta’limga barcha yo‘nalishlar uchun qabul butunlay yopilishi xabar qilingandi.

Shuningdek, mazkur farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzurida Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tashkil etildi. Agentlik o‘rta maxsus, kasbiy, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’lim, shuningdek, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tashkilotlarini (ta’lim tashkilotlari) kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazadi.  


Maqola muallifi

Teglar

xususiy universitet oliy ta'lim tashkiloti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing