Namangandagi xususiy universitetlardan birining litsenziyasi bekor qilindi
Jamiyat
−
12 Sentabr 2023
11459Namangan xalqaro nodavlat universitetining litsenziyasi bekor qilindi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Uchqo‘rg‘on tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan “NAMXU OTM” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga 2023 yil 10 fevralda nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati uchun berilgan litsenziyasi bekor qilingan. Sud majlisi muhokamalarida oliy ta’lim tashkiloti faoliyatida aniqlangan qo‘pol qoidabuzarliklar asosli hujjatlar bilan sudga taqdim etilib, o‘z isbotini topgan.
Mazkur OTMda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2023 yil 10 maydagi buyrug‘iga muvofiq tekshiruv o‘tkazilgan bo‘lib, unda:
- universitet tomonidan ta’lim tashkiloti, ta’lim oluvchilar va pedagog xodimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar vazirlikning HEMIS axborot tizimiga kiritilmagani;
- tashkilotda rektor maslahatchisi shtati birligi joriy etilmagani, talabalarning o‘qishni ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi ishlab chiqilmagani;
- barcha ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha adabiyotlar, shu jumladan 95 foiz adabiyotlarning elektron variantlari yetishmasligi;
- universitet o‘qituvchilarining 23 nafari ilmiy darajaga ega professor-o‘qituvchilar hisoblansa-da, ulardan 15 nafarining asosiy ish joyi Namangan davlat universitetida ekanligi;
- litsenziya talabi bo‘yicha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun 35 foiz ilmiy salohiyat belgilangan bo‘lsa-da, ta’lim tashkilotida 17 foizni tashkil etishi;
- ichimlik suvi va kanalizatsiya bilan ta’minlanmagani;
- tahsil olayotgan 858 nafar talabaga nisbatan ta’lim tashkilotining hududi yetishmasligi kabi holatlar aniqlangan.
LiveBarchasi