O‘zbekistonda xususiy kompaniyalarga elektr energiyasi bilan savdo qilishga ruxsat beriladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston 2025 yilgacha ulgurji raqobatbardosh elektr energiyasi bozoriga o‘tmoqchi. Energetika vazirligi xabariga ko‘ra, Loyiha ofisi uch bosqichdan iborat ulgurji energetika bozoriga o‘tishdasturini ishlab chiqqan.

Birinchi bosqichda elektr energiyasi korxonalarini erkinlashtirish va elektr energiyasini sotish istagida bo‘lgan xususiy korxonalar tomonidan litsenziya olish ko‘zda tutilgan. Bunda bozor munosabatlariga asoslangan yondashuv natijasida mahsulot sifatini yaxshilash va narxlarning pasayishiga erishiladi.

Elektr energiyasining raqobatbardosh ulgurji bozoriga o‘tishning ikkinchi bosqichida elektr energiyasini taqsimlash tizimining operatori yaratiladi va iste’molchilarga elektr energiyasini sotish funksiyalari ta’minotchilarga bosqichma-bosqich o‘tkaziladi. Mazkur ta’minotchilar litsenziya asosida iste’molchilarga elektr energiyasini sotish huquqiga ega bo‘ladilar. Ta’kidlanishicha, ushbu bosqichda iste’molchilar elektr energiyasini onlayn savdo platformasi yoki istalgan ta’minotchi orqali sotib olishlari mumkin bo‘ladi.

Uchinchi bosqich – “Kun ichi (soatbay) savdolar” bosqichi. Onlayn savdo platformasidagi erkin shartnomalar hajmlariga ko‘ra, elektr energiyasini reja asosida soatbay ishlab chiqarish va iste’mol qilishning ortiqcha yoki yetishmayotgan hajmlarini sotish va sotib olish operatsiyalari amalga oshiriladi.

Shuningdek, energetika sohasining normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi. Xususan, ishlab chiqilgan loyihalarni ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha jadal ishlar olib borilmoqda: yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi Qonuni (u bo‘yicha ishlar Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va Jahon banki ekspertlari bilan hamkorlikda amalga oshirildi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Elektr energetikasi soxasini isloh qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Magistral elektr tarmoqlari kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihalari ishlab chiqilgan.


Maqola muallifi

Teglar

elektr energiyasi

Baholaganlar

33

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing