O‘zbekistonda xorijiy valyutalar kursini har kuni yangilash yo‘lga qo‘yiladi

Jamiyat

image

Joriy yilning fevral oyidan boshlab O‘zbekistonda Markaziy bankning xorijiy valyuta bo‘yicha kurslarini har kuni e’lon qilib borish rejalashtirilyapti. Bu haqda MB raisining o‘rinbosari Behzod Hamroyev Xalqaro press-klub sessiyasida aytib o‘tdi.

Unga ko‘ra, valyuta birjalari har kuni soat 10:00 dan 15:00 gacha doimiy ravishda onlayn platformada ishlashi kutilmoqda. Markaziy bank xorijiy valyuta kurslarining so‘mga nisbatan qiymatini, birjadagi o‘rtacha narxdan kelib chiqqan holda, har kuni yangilab boradi.

“Hozir har dushanba kuni Markaziy bank kursi yangilanadi. Bu seshanba kundan kuchga kiradi. Bunda birja savdolaridagi narxdan o‘rtacha kurs chiqariladi. Bu haqiqiy kursning dinamikasini ko‘rsata olmasligi mumkin”, deydi Hamroyev.

Regulyator mas’ulining ta’kidlashicha, fevral oyidan boshlab Markaziy bank har kuni xorijiy valyutalar kursini e’lon qiladi.

“Xalqaro tajribadan kelib chiqib, fevraldan har kuni kurs e’lon qilinadi. Hozir banklar bilan texnik tomondan tayrlanib olishimiz kerak. Soat 15:00 da birja savdosi tugaydi. Kun davomida bo‘lgan savdo bo‘yicha soat 15:30 – 16:00 da o‘rtacha kurs MB saytida e’lon qilinadi”, deydi Behzod Hamroyev.

Hamroyevning ta’kidlashicha, Markaziy bank tomonidan shu yil amalga oshirilishi maqsad qilingan asosiy rejalardan biri – milliy valyutaning chet el valyutasiga qaramligini kamaytirish va inflyatsiya darajasining 10 foizdan oshib ketmasligini ta’minlashdir. Shuningdek, tadbirkorlar tijorat banklaridan onlayn tarzda buyurtma berib to‘g‘ridan to‘g‘ri valyuta xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida joriy yilda narx-navo o‘sishini 10 foizdan oshirmaslik Markaziy bank va hukumatning asosiy vazifasi bo‘lishi kerakligi ta’kidlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy bank valyutalar kursi

Baholaganlar

49

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing