O‘zbekistonda xomashyo importiga bojlar to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda mahalliy korxonalar uchun xomashyo importiga bojlarni to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi. Bu haqda bugun, 13 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z raisligida o‘tayotgan tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda mutasaddilarga topshiriq berdi.

Qayd etilishicha, elektrotexnika korxonalari o‘tgan yili 27 milliard so‘mlik imtiyozdan foydalanib, eksportni 83 million dollarga, byudjetga tushumni 46 milliard so‘mga oshirgan. Ular O‘zbekistonda bo‘lmagan alyumin katankani import boji bo‘yicha imtiyoz muddatini uzaytirishni so‘ragan.

Xuddi shunday zargarlik sanoati uchun qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlarga, metallurgiya sanoati uchun yuqori haroratga chidamli bo‘yoqlarga, oziq-ovqat korxonalari foydalanadigan sitrus konsentratlariga ham boj belgilangan. Yig‘ilishda mutasaddilarga mahalliy korxonalar uchun xomashyo importiga bojlarni to‘liq qayta ko‘rib chiqish topshirilgan.

Gilam ishlab chiqaruvchilarga kafolatli xomashyo bazasi yaratilgani uchun uch yilda sohada eksport 2 karra oshgan. Yoki mebelchilar uchun yog‘och olib kelishga yengillik qilib berilgani hisobiga bu tarmoqda ham ikki yilda ishlab chiqarish 1,4 barobar ko‘paygan.

Mebelchilar polimer, eshik-romchilar alyumin xomashyosini, maishiy kimyo korxonalari pigment va aromatizator, umuman, ishlab chiqaruvchilar mahsulotini qadoqlash uchun qog‘oz va karton zaxirasini yaratish masalasini ko‘targan.

Tashqi bozorda xomashyo arzon paytda zaxira qilish uchun imtiyozli resurs bo‘lsa, tashish xarajatining bir qismi qoplansa, bunday tarmoqlar ham iqtisodiy o‘sishga katta turtki beradi.

Davlat rahbari kichik korxonalarning xomashyoga ehtiyojini aniqlab, qaysi davlatdan, qancha miqdorda va qanday narxda olib kelishi, transport xarajatini hisob-kitob qilib, xomashyo zaxirasini shakllantirish vazifasini qo‘ygan.


Maqola muallifi

Teglar

xomashyo boj import

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing