O‘zbekistonda karantindan qochgan shaxs ushlandi
Jamiyat
−
21 mart 2020
16961Avvalroq, mamlakatda 16 ming kishi karantinga olingani haqida ma’lumot bergan edik. Toshkent viloyati IIBB Matbuot xizmatining xabar berishicha, karantindagilardan biri belgilangan tartib qoidalarga amal qilmay qochib ketgan.
Xabarda aytilishicha, Parkent tumani IIB xodimlari tomonidan Samarqand viloyatida karantinda bo‘lib turib, belgilangan tartib qoidalarga amal qilmay qochgan shaxs ushlangan.
Tafsilotlarga ko‘ra, joriy yilning 19 mart kuni Rossiya Federatsiyasining Samara shahridan O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelgan poyezd yo‘lovchilari, epidemik vaziyatdan kelib chiqib, o‘rnatilgan tartibda, Samarqand viloyatiga tashkil etilgan karantin markazlariga joylashtirilgan. Ammo, Parkent tumanida yashovchi 1954 yilda tug‘ilgan fuqaro T. E. belgilangan tartib qoidalarga amal qilmay karantindan qochgan.
Hozirda ushbu shaxs o‘z uyida ushlangan va ehtiyot chorasi sifatida izolatsiyaga olingan. Shuningdek, fuqaro T. E.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 257 moddasi (sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
"Mamlakatimizda infeksiyasining keng tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida karantin e’lon qilingan. Mazkur vaziyatda davlat idoralarining asosiy vazifalaridan biri aholi o‘rtasida sarosimaga yo‘l qo‘ymaslik va qisqa muddat ichida mazkur infeksiyaning tarqalishiga qarshi kurashishdir. Shu bilan birga, aholi tinchligi va jamoat tartibini saqlagan holda jinoyatchilikning oldini olishdan iborat", deyiladi IIBB xabarida.
Shu o‘rinda fuqarolarga eslatib o‘tamiz. Epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun qonunda belgilangan tartibda jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish, odamlarning ommaviy kasallanishiga olib kelsa 11 mln 150 ming so‘mdan 22 mln 300 ming so‘mgacha miqdorda jarima solish yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha qilmish odamning o‘limiga sabab bo‘lsa, 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi