Koronavirus xavfi: O‘zbekiston zaxirasi nechta bemorni qabul qilishga yetadi?
Jamiyat
−
20 mart 2020
17760O‘zbekistonning COVID-19 koronavirusi pandemiyasiga qarshi turish uchun yaratgan zaxirasi bir vaqtning o‘zida 1000 nafar bemorga xizmat ko‘rsatish imkonini beradi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov ma’lum qildi.
“Kasallik bo‘yicha epidemik vaziyat nohush bo‘lgan paytdan boshlab, e’tibor qaratilgan. Kasallikni Xitoy davlatida murakkablashganidan boshlab, respublika komissiyasi tuzildi. Biz bugungi kunda dori-darmonlar, diagnostikumlar, reagentlar, himoya vositalari, dezinfeksion vositalar, shifo o‘rinlarigacha zaxira yaratganmiz. Zaxiramiz bir paytning o‘zida 1000 bemorni qabul qilish, davolash, tashxis qo‘yish va ular bilan muloqotda bo‘lganlarni himoyalashga yetadi”, dedi Nurmat Otabekov.
U bunga ehtiyoj bo‘lmasligiga umid bildirdi va barcha mas’ullar koronavirus bo‘yicha safarbar qilinganini qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Shundan keyin har kuni – 16, 17, 18, 19 mart kunlari koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan bemorlar aniqlandi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi