O‘zbekistonda karantin davridagi dastlabki ichki reys amalga oshirildi
Jamiyat
−
20 may 2020
8932Bugun, 20 may kuni mahalliy vaqt bilan soat 9:50 da Termiz xalqaro aeroporti karantin davridagi dastlabki ichki reysni qabul qildi. 36 nafar yo‘lovchi “Toshkent – Termiz” yo‘nalishi bo‘yicha parvozni amalga oshirdi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Termiz xalqaro aeroportida ichki reyslarni qabul qilishga puxta hozirlangan. Dezinfeksiya xonasi tashkil etilib, termometrlar, antiseptik va masofani saqlashni eslatuvchi afishalar xarid qilingan.
“Ijtimoiy masofani ta’minlash maqsadida aerovokzal binosi maxsus tasma bilan hududlarga ajratilgan, yo‘lakchalarda maxsus afishalar joylashtirilgan. Shuningdek, aeroport avtobusi ham polietilen yordamida xonalarga bo‘lingan”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, aeroportning reys davomida ishlaydigan barcha xodimlari himoya kombinezonlari, qo‘lqoplar va niqoblar bilan ta’minlangan.
Ma’lumot o‘rnida, Respublika maxsus komissiyasi tomonidan 2020 yil 18 may kunidan boshlab Toshkent shahridan Nukus, Urganch, Termiz shaharlariga aviaqatnovlarni (borish va qaytish) tiklashga ruxsat berilgandi.