O‘zbekistonda qurolga egalik qilishga qo‘yilgan talablar o‘zgardi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda jamoat transportida yo‘lovchilarga sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ochiq (g‘ilofsiz) holda olib yurishi taqiqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti imzolagan “Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda belgilandi.

Qonun bilan Jinoyat kodeksining 249-moddasi yangi tahrirda bayon etildi. O‘zgartirishlarga ko‘ra, jinoiy javobgarlik o‘qotar qurolni va uning o‘q-dorilarini, shuningdek pnevmatik qurolni, tig‘li sovuq qurolni (ov pichoqlarini, ov xanjarchalari va xanjarlarni, rapiralar, shpagalar va qilichlarni), uloqtirish qurolini (kamonlar, arbaletlar va nayzalarni), signal beruvchi qurolni saqlash, olib yurish, tashish qoidalarini buzish odamning o‘limiga yoxud boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lsa yuzaga keladi. Oldingi tahrirda, jinoiy javobgarlik o‘qotar qurol yoki unga mo‘ljallangan o‘q-dorilarni beparvolik bilan saqlash odam o‘lishiga yoxud boshqa og‘ir oqibatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lsa, nazarda tutilgan edi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 90-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik uchun jarima mikdorlari oshirildi. (Ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzish).

185-modda quyidagilarni nazarda tutadigan yangi tahrirda bayon etildi:

•    pnevmatik, uloqtirish, signal beruvchi quroldan belgilangan tartibni buzgan holda otish;

•    o‘qotar quroldan belgilangan tartibni buzgan holda otish;

•    tig‘li sovuq quroldan (ov pichoqlari, ov xanjarchalari va xanjarlardan, rapiralar, shpagalar va qilichlardan) belgilangan tartibni buzgan holda foydalanish;

MJTK quyidagilarni nazarda tutuvchi 220-1-modda bilan to‘ldirildi:

•    pnevmatik, signal beruvchi, uloqtirish qurolini, o‘zini o‘zi himoya qilish qurolini ichki ishlar organlarining tegishli ruxsatnomalarisiz realizatsiya qilish, olish, saqlash, olib yurish, tashish, kolleksiyalash, ko‘rgazmaga qo‘yish, ulardan foydalanish, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish yoki O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit olib o‘tish;

•    pnevmatik, signal beruvchi, tig‘li sovuq, uloqtirish qurolini, o‘zini o‘zi himoya qilish qurolini ichki ishlar organlarining tegishli litsenziyalarisiz ishlab chiqarish, ta’mirlash, realizatsiya qilish.

“Qurol to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasi ham o‘zgartirildi. Yangi tahririda, fuqaroviy ov qurolini va uning o‘q-dorilarini olish huquqiga O‘zbekiston Respublikasining yigirma besh yoshga to‘lgan fuqarolari ega. Ilgari 21 yoshni tashkil qilar edi.

Qonun qurolga egalik qilishga qarshi ko‘rsatmalar mavjud emasligi yuzasidan tibbiy tekshiruv hamda qurolga egalik qilishga qarshi ko‘rsatmalar mavjud emasligi yuzasidan tibbiy tekshiruvdan o‘tish tartibini nazarda tutuvchi 13-1 va 2 moddalari bilan to‘ldirildi.

o‘zgartirishlar vakolatli organlar sohasida ham yuzaga keldi. Ilgari Milliy gvardiyaga tegishli bo‘lgan vakolatlar endi IIVga o‘tkazildi. Bularga quyidagilar uchun ruxsat berish huquqi kiradi:

•    qurollarni olib kirish va olib chiqish;
•    yuqori darajadagi qurollarni saqlash va olib yurish;
•    ular uchun qurol va o‘q-dorilarni yig‘ish va qo‘rsatish.

“Shahar yo‘lovchilar transporti to‘g‘risida”gi qonunning 25-moddasi 2-qismi yangi tahrirda bayon etildi va unga ko‘ra, yo‘lovchilarga sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ochiq (g‘ilofsiz) holda olib yurishi taqiqlandi. Ilgari bunday taqiq bo‘lmagan.

Ma’lumot uchun, qonunning 2-moddasining 4-bandi va 3-moddasining 4-7-bandlari uning rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy o‘tgach amalga kiritiladi.


Maqola muallifi

Teglar

qurol

Baholaganlar

304

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing