O‘zbekistonda qarzdorlik ortidan necha fuqaro suvdan uzilgani aytildi
Jamiyat
−
17 noyabr 2025 3254 1 daqiqa
Yil boshidan beri O‘zbekistonda ichimlik va oqova suv tarmoqlariga 4351 ta noqonuniy ulanish holati aniqlangan. Bu haqda “O‘zsuvta’minot” xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida kuzatilgan holatlar bo‘lib, ular orasida eng yuqori ko‘rsatkichlar Toshkent shahriga (488 ta) to‘g‘ri kelgan. Undan keyingi o‘rinlarda Sirdaryo viloyati (433 ta), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (425 ta) va Xorazm viloyati (419 ta) keltirilgan.
Mazkur qonunbuzarliklar tufayli dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, jamiyat manfaatlariga 82 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan. Shundan 33,6 mlrd so‘mlik keltirilgan zararlar qoplanishi ta’minlangan.
Mavjud qarzdorliklarni qisqartirish maqsadida joriy yilda 123,4 ming nafar qarzdor iste’molchilar bo‘yicha fuqarolik va iqtisodiy sudlariga 358,4 mlrd so‘mlik da’vo arizalari kiritildi. Bundan tashqari, hisobot davri mobaynida respublika bo‘yicha 62,4 ming nafar jismoniy va yuridik iste’molchi qarzdorligi uchun suv ta’minoti tarmog‘idan uzilgan. Ushbu holatlarning 46 mingtasi, ya’ni eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etilgan.
Iste’molchilarning debitor qarzdorliklari joriy yil boshiga nisbatan 203 mlrd so‘m yoki 22 foizga qisqarib, 705,5 mlrd so‘mni tashkil etmoqda. O‘tgan yilning mos davri bilan olinganda esa qarzdorliklar 364 mlrd so‘m yoki 34 foizga qisqartirilishiga erishilgan.
Live
Barchasi