O‘zbekistonda iste’mol savatchasiga nechta mahsulot kiritiladi?
Jamiyat
−
01 dekabr 2019
10969O‘zbekistonda iste’mol savatchasini shakllanatirish va shu orqali yashash darajasining minimumini belgilash ishlari boshlangan. Iste’mol savatchasiga 50 ta oziq-ovqat mahsulotni kirgazish rejalashtirilgan. Bu haqda Iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xo‘jayev Oliy Majlis Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisida aytib o‘tdi.
Vazirning aytishicha, iste’mol savatchasi hajmini aniqlash va uning asosida yashash darajasining minimumini belgilash yuzasidan tegishli metodologiya ishlab chiqilgan.
“Hozir ushbu metodologiya bir qator viloyatlarda, xususan, Farg‘ona, Toshkentda test rejimida amalga oshirilmoqda. “Metodologiya jihatidan gapiradigan bo‘lsak, bu yerda 4 ta narsaga e’tibor berganmiz. Birinchisi, iste’mol savatchasining tarkibini shakllantirish. Bu taxminan 50 ta oziq-ovqat mahsulotidan iborat. Ikkinchisi, hududlar kesimida iste’mol savatchasining tarkibini, hajmini aniqlash. Sir emaski, hududlar kesimida oziq-ovqat iste’mol qilish darajasi har xil. Metodologiyaga kiritilgan uchinchi masala - aholining tabaqasiga qarab turib oziq-ovqat mahsulotlari iste’moli ham inobatga olingan. Mana, misol uchun, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalari bo‘yicha va mamlakatimizda ishlab chiqilgan, kuniga ishlatiladigan oziq-ovqat me’yorlari nazarda tutilgan. Biz faqat xalqaro me’yorlardan kelib chiqmayapmiz, yana bir bor ta’kidlayman, biz shahar va qishloqlarida aholimizning tarixan shakllangan an’analari, iste’mol talablari ham inobatga olinyapti. Metodologiyaning test rejimida amalga oshirilishi pensionerlar, bolalar, ishlayotganlar kesimida bo‘lyapti”, dedi Botir Xo‘jayev.
Botir Xo‘jayev hozircha bu raqamlar Farg‘ona va Toshkent viloyatiga tegishli ekani, buni aholining har bir tabaqasi o‘zi uchun qabul qilmasligi kerakligini ta’kidladi.
Iqtisodiyot vaziri, shuningdek, eksperiment natijalari nima uchun e’lon qilinmayotganiga to‘xtalib o‘tdi.
“Bu jarayon Vazirlar Mahkamasining kelishuvi bo‘yicha 2019 yildan boshlab amalga oshirilyapti. Ya’ni, biz 2018 yilda topshiriq bo‘lgandan keyin metodologiyani ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritganmiz va 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab bu jarayon ketyapti. Natijalar har chorak yakuni bo‘yicha aniqlanyapti. Bir narsani ta’kidlab o‘tish kerakki, bu xalqaro tajribada barcha mamlakatlarda qo‘llanilayotgan metodika emas. Bu asosan MDHga a’zo ayrim davlatlar, misol uchun, Qozog‘iston, Rossiya va bir qator mamlakatlarda qo‘llanayotgan tajriba hisoblanadi. Rossiya tajribasini oladigan bo‘lsak, yashash minimumini aniqlash va eng kam oylik miqdorini belgilashga 10 yil ketgan. Bizda ham ikkita ko‘rsatkichni muvozanatga keltirishga bir necha yil ketadi. Umuman, iste’mol savatchasi va yashash darajasi minimumi bir-biri bilan chambarchas bog‘langan. Hozir ba’zi bir internet sahifalarida iste’mol savatchasi va yashash minimumini belgilash bo‘yicha alohida qonun qabul qilinishi to‘g‘risida taklif kiritilyapti. Ayni paytda bunday qonun qabul qilinishi kerakmi yoki yo‘qmi, buning ustida izlanyapmiz. Avval iste’mol savatchasi aniqlanadi va uning asosida yashash minimumi belgilanadi. Test rejimidan maqsad - sinalayotgan metodologiyani epaqaga keltirish”, deydi Botir Xo‘jayev.
Iqtisodiyot va sanoat vazirining so‘zlariga ko‘ra, vazirlik o‘rganish natijalarini chop etishda ehtiyotkorlik qilyapti. Negaki, iste’mol savatchasi va yashash minimumini belgilashda inflyatsiya ko‘rsatkichlari ham hisobga olinadi. Shu sababli vazirlik hozircha bir to‘xtamga kelishdan tiyilayotgani, test natijalari yakunlari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga hisobot berilishi ko‘zda tutilgan.