O‘zbekistonda Investorlar uyushmasi tashkil etiladi
Jamiyat
−
12 iyun 2019
3557O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tomonidan joriy yilning 10 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Investorlar uyushmasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida iqtisodiyotni rivojlantirish va faol investitsiya jalb etishning ustuvor yo‘nalishlari belgilangan.
Uyushma ustaviga ko‘ra, uning asosiy maqsadi O‘zbekistonda investitsiyaviy muhitni yaxshilash uchun qulay sharoitlar yaratish, mahalliy va xorijiy investorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Uyushmaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
• respublikaga chet el investitsiyalarni jalb etishda, shuningdek mahalliy tadbirkorlik sub’ektlariga xorijiy kompaniyalar bilan amaliy aloqalarni o‘rnatishda va tashqi hamkorlarni topishda ko‘maklashish;
• yagona davlat investitsiya siyosatini amalga oshirilishida, davlat rivojlanish dasturlari va investitsiya dasturlari, shu jumladan tarmoq va hududiy investitsiya dasturlarining ishlab chiqilishi va samarali amalga oshirilishida ishtirok etish;
• investitsiya faoliyatiga, shu jumladan investitsiya loyihalarini amalga oshirishga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan muammolarni doimiy asosda o‘rganish.
Uyushma raisi etib Buyuk Britaniyaning Sheffild universiteti bitiruvchisi M.Muhitdinov saylandi. Hozirgi kungacha u O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Investitsiyalarni jalb etish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
LiveBarchasi