O‘zbekistonda ixtiyoriy ravishda ko‘mirda ishlaydigan issiqxonalar davlat tomonidan rag‘batlantiriladi
Jamiyat
−
11 avgust 2023
3737O‘zbekistonda ixtiyoriy ravishda ko‘mir yoqilg‘isida ishlaydigan issiqxonalarga davlat tomonidan rag‘batlantirish paketi joriy qilinadi. Bu haqda bugun, 11 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Buxoro shahrida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda issiqxonalar maydoni 3 baravarga ko‘payib, 5,2 ming gektarga yetgan, ularda yetishtiriladigan mahsulot hajmi 90 ming tonnadan 300 ming tonnaga ko‘paygan. Shuningdek, issiqxonalar 150 ming aholini yuqori daromadli ish bilan band qilmoqda.
“Shu bilan birga, qishdagi qattiq sovuqdan eng ko‘p zarar ko‘rganlardan biri bu – issiqxonachilar. Ularning barcha muammolaridan xabarim bor”, deydi davlat rahbari.
Yig‘ilishda bundan buyon Energetika vazirligi, viloyat hokimlari va issiqxona xo‘jaliklari o‘rtasida uch tomonlama shartnomalar tuzilishi belgilandi.
Bunda vazirlik viloyat hokimlari bilan birga yoqilg‘i mahsulotlarini (ko‘mir va gaz) issiqxonalarga uzluksiz yetkazib berish kafolatini beradi, issiqxonalar esa yetkazib berilgan yoqilg‘i uchun to‘liq hisob-kitob qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, ularni ichki bozorga va eksportga chiqarish bo‘yicha majburiyat oladi.
Faoliyatini ixtiyoriy ravishda ko‘mir yoqilg‘isida olib boruvchi issiqxonalar uchun esa davlat tomonida alohida rag‘batlantirish paketi joriy qilinadi.
Jumladan, issiqxonalarga maxsus ombor qurish va aylanma mablag‘ uchun 14 foizli kredit liniyasi ochib beriladi, isitish qozonlarini xarid qilish xarajatlarining 20 foizi qoplab beriladi.
Tabiiy gazda ishlaydigan issiqxonalar aylanma mablag‘larini to‘ldirishga ham 650 milliard so‘m kredit resurslari yo‘naltiriladi.
Issiqxonalarda serdaromad mahsulot yetishtirishni ko‘paytirish maqsadida chetdan olib kelinadigan gul tuganaklari, piyozboshlari va qalamchalari 2025 yilga qadar bojxona bojidan ozod qilinadi.
Mingta issiqxonaning 2,2 trillion so‘mlik kreditlarini qaytarish muddati uzaytiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq uch viloyatda 73 ming gektar yer maydonining ijara muddati 30 yilga uzaytirib berilgandi.
LiveBarchasi