O‘zbekistonda ichimlik suvi ta’minoti xususiylashtiriladi
Jamiyat
−
31 Oktabr 2023
11125O‘zbekistonda ichimlik suvi ta’minoti tizimi xususiylashtiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 24 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
Unga ko‘ra, “O‘zsuvta’minot” AJ va uning tarkibidagi korxonalar negizida 2024 yil 1 aprelgacha alohida yo‘nalishlar bo‘yicha quyidagi aksiyadorlik jamiyatlari tashkil etiladi:
• hududiy magistral suv ta’minoti tashkilotlari;
• Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hududiy ichimlik suv ta’minoti tashkilotlari.
2024 yil 1 yanvardan:
• ichimlik suvi va oqova suvni chiqarib yuborish narxlari mahsulot tannarxiga kiritilgan xarajatlar, tizimni rivojlantirish, moliyaviy xarajatlar, soliqlar va majburiy to‘lovlardan kelib chiqib shakllantiriladi;
• yangi quriladigan ichimlik va oqova suv yo‘nalishidagi ob’ektlar va tizimlarni loyihalashtirishda mazkur hududning to‘liq qamrov darajasini inobatga olish talabi o‘rnatiladi.
Shuningdek, qaror bilan 2024–2026 yillarda:
• ichimlik suvi ta’minoti og‘ir bo‘lgan jami 813 ta mahalla ichimlik suvi bilan ta’minlanadi;
• 124 693 ta xonadonga ichimlik suvi tarmoqlari uy xo‘jaligigacha yetkaziladi;
• 130 ta aholi yashash punktlarida davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish orqali ichimlik suvi ta’minoti yo‘lga qo‘yiladi;
• 792 090 nafar iste’molchilar ichimlik suvi uchun hisoblagichlar bilan ta’minlanadi.
Bundan tashqari, 2024 yil 1 iyuldan tajriba tariqasida Kogon, Shirin, Yangiyer, Bekobod va Yangiyo‘l shaharlarida ichimlik va oqova suv ta’minoti davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektorga beriladi.
LiveBarchasi