O‘zbekistonda ichimlik suvi qamrovi 90 foizga yetkaziladi
Jamiyat
−
20 iyul 2444 3 daqiqa
O‘zbekistonda ichimlik suvi qamrovi 90 foizga yetkaziladi va buning uchun yana 1,3 mlrd dollar jalb qilinadi. Bu haqda bugun, 20 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan ichimlik va oqova suv xizmatlarini yanada yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan taqdimotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, kelgusi yillarda ichimlik suvi ta’minotini 90 foizga, shaharlarda kanalizatsiya xizmati qamrovini 80 foizga yetkazish maqsad qilingan. Buning uchun qo‘shimcha 1,3 milliard dollar investitsiya jalb etilishi ko‘zda tutilgan.
Davlat rahbari erishilgan natijalar bilan birga loyihalarni shakllantirish va amalga oshirish, mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash hamda bartaraf etish tizimi hali talab darajasida emasligini ko‘rsatib o‘tgan.
Xususan, Andijon shahridagi kanalizatsiya tizimida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish uchun 107 milliard so‘m ajratilgan. Sergeli tumanida yoqimsiz hid tarqalishining oldini olish maqsadida zamonaviy filtrlarni o‘rnatish ishlari boshlangan.
Surxondaryo viloyati aholisini To‘palang suv omboridan ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihasi doirasida Termiz shahrigacha tarmoq tortib kelingan. Yil yakuniga qadar Sherobod, Muzrabot, Angor va Jarqo‘rg‘on tumanlariga ham suv yetkazib berilishi belgilangan.
Taqdimotda hududlardagi eng dolzarb masalalarni hal qilishga qaratilgan aniq vazifalar ko‘rsatib o‘tilgan. Jumladan, 513 ta mahallaga markazlashgan ichimlik suvini olib borish, yana 3 mingta mahallada ta’minot sifatini yaxshilash zarurligi ta’kidlangan.
Ichimlik suvini xonadongacha yetkazish ishlarini to‘liq yakunlash masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Shu maqsadda 232 mingta suv kolonkasi o‘rniga tarmoqlarni bevosita uylargacha tortish ko‘zda tutilgan.
Yil yakuniga qadar umumiy qiymati 600 million dollarlik ishlar amalga oshiriladi. Ularning doirasida 1,6 ming kilometr ichimlik suvi va 387 kilometr kanalizatsiya tarmog‘i, 80 ta suv hamda 29 ta oqova suv inshooti quriladi.
Natijada 107 ta mahalladagi 310 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanadi, 453 ta mahallada istiqomat qiluvchi 2,5 million aholi uchun suv ta’minoti yaxshilanadi.
Qashqadaryo viloyatida “Hisorak” suv omboridan ichimlik suvi olib kelish loyihasini jadallashtirish vazifasi qo‘yilgan. Qiymati 217 million dollar bo‘lgan ushbu loyiha Qamashi, G‘uzor va Qarshi tumanlari hamda Qarshi shahridagi 1,1 million aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash imkonini beradi.
Mutasaddilarga loyihaning texnik-iqtisodiy hisob-kitoblari ekspertizasini qisqa muddatda yakunlash va moliyalashtirish manbasini aniqlash topshirilgan.
Shuningdek, Farg‘ona, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida ichimlik va oqova suv tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha qarz va grant bitimlarini imzolash, poytaxtda yangi kanalizatsiya inshootini qurish loyihasi yuzasidan yakuniy xulosa kiritish vazifalari belgilangan.
1 sentyabrga qadar umumiy qiymati 317 million dollarlik 6 ta loyiha bo‘yicha xorijiy hamkorlar bilan muzokaralarni yakunlash va moliyalashtirish manbalarini belgilash zarurligi qayd etilgan.
Suv ta’minoti korxonalarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash masalasi ham muhokama qilingan. Amaldagi tariflar xizmatlarning haqiqiy tannarxini to‘liq qoplamayotgani, hududlar kesimida keskin farqlar mavjudligi sohaning investitsiyaviy jozibadorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlangan.
Shu munosabat bilan ichimlik suvini ishlab chiqarish va iste’molchilarga yetkazib berish vazifalarini ajratish, Magistral suv ta’minoti korxonasini tashkil etish taklif qilingan. U hududiy korxonalarga ichimlik suvini yagona ulgurji tarif asosida yetkazib beradi.
Ichimlik va oqova suv xizmatlari tariflarini shaffof va iqtisodiy asoslangan mezonlar asosida belgilash uchun Idoralararo tarif komissiyasini tashkil etish, 2027 yil 1 apreldan byudjet tashkilotlari uchun yagona tarifni joriy qilish vazifasi qo‘yilgan.
Live
Barchasi