O‘zbekistonda gaz va “svet” narxi qanchaga oshirilishi muhokamaga qo‘yildi

Jamiyat

image

2022 yil 1 iyuldan aholi uchun 1 kVt soat elektr energiyasi iste’moli oyiga 250 kVt soatgacha – 325 so‘m, 1 kub m tabiiy gaz iste’moli oyiga isitish mavsumida 700 kub metrgacha – 410 so‘m etib belgilash rejalashtirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasida ko‘zda tutilgan.

Qaror loyihasini ishlab chiqishda, birinchi navbatda, aholining kam ta’minlangan qismini ijtimoiy himoya qilish asosiy mezon qilib olingan. Xalqaro tajribadan kelib chiqib, aholining kam ta’minlangan va past daromadli qatlami manfaatlaridan kelib chiqib, ijtimoiy himoya samaradorligini oshirish uchun “ijtimoiy norma” tizimi butun respublika bo‘yicha amalga kiritilishi belgilanmoqda.

Ma’lumot uchun, respublikada elektr energiyasi iste’mol qiluvchi jami 7,3 mln abonent mavjud bo‘lib, ularning 80 foizi oyiga o‘rtacha 200 kVt soatgacha elektr energiyasini iste’mol qiladi. Lekin, mazkur xonadonlarning hissasiga aholi iste’mol qiladigan jami elektr energiyasining bor-yo‘g‘i 31 foizi (5,7 mlrd kVt s) to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, tabiiy gaz iste’mol qiluvchi jami 4 mln abonent mavjud. Ushbu xonadonlarning 85 foizi yoki 3,4 mln ta abonent oyiga o‘rtacha 500 kub metrgacha tabiiy gaz iste’mol qiladi. Lekin, ularning hissasiga aholi jami iste’molining bor-yo‘g‘i 35 foizi (4,5 mlrd kub m) to‘g‘ri keladi.

“Yuqoridagi ko‘rsatkichlar energoresurslarni iste’mol qilishning yil davomida o‘rtacha oylik darajasini ifodalaganligi sababli, o‘rtacha oylik iste’molning aniq miqdorlarini aniqlash maqsadida Toshkent va Namangan viloyatlari hamda Toshkent shahridagi abonentlarda tanlanma o‘rganish o‘tkazildi”, deyiladi qarorga keltirilgan sharhda.

O‘rganish natijalariga ko‘ra ushbu hududlarda yilning isitish talab etilmaydigan davrida eski qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi 86 foiz, yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi 65 foiz hamda hovlilarda yashovchi 57 foiz abonent oyiga o‘rtacha 250 kVt soatgacha elektr energiyasi iste’mol qilgan.

Isitish mavsumida esa eski qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi 78 foiz, yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi 77 foiz hamda hovlilarda yashovchi 44 foiz abonentlar oyiga o‘rtacha 250 kVt soatgacha elektr energiyasi iste’mol qilgan.

Shuningdek, yuqoridagi hududlarda yilning isitish talab etilmaydigan davrida eski qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi barcha abonentlar, yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi 99 foiz hamda hovlilarda yashovchi 86 foiz abonentlar oyiga o‘rtacha 200 kub metrgacha tabiiy gaz iste’mol qilgan.

Isitish mavsumida esa eski qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi barcha abonentlar, yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi 93 foiz hamda hovlilarda yashovchi 64 foiz abonentlar oyiga o‘rtacha 700 kub metrgacha tabiiy gaz iste’mol qilgan.

Shundan kelib chiqib, ijtimoiy norma miqdori elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha 250 kVt soatgacha, tabiiy gaz bo‘yicha mavsumiylik nuqtai nazaridan kelib chiqib, aprel-sentyabr oylari uchun 200 kub metrgacha va oktyabr-mart oylari uchun 700 kub metrgacha miqdorida o‘rnatilmoqda.

Mazkur qaror loyihasi bilan 2022 yil 1 iyuldan boshlab:

Elektr energiyasi bo‘yicha:

a) aholi uchun 1 kVt soat elektr energiyasi iste’moli oyiga 250 kVt soatgacha – 325 so‘m, 250 kVt soatdan yuqori har 1 kVt soat uchun – 650 so‘m;

Misol uchun, taklif etilayotgan tabaqalashtirilgan narxlarda 250 kVt.s gacha elektr energiya ishlatadigan abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 7,5 ming so‘mgacha, 300 kVt.s gacha ishlatadigan abonentlar uchun 25 ming so‘mgacha va 400 kVt.s gacha elektr energiya ishlatadigan abonentlar uchun esa 61 ming so‘mgacha yetadi.

b) 1 kVt soat elektr energiyasi Navoiy KMK, Olmaliq KMK va byudjet tashkilotlari uchun – 800 so‘m hamda qolgan yuridik shaxslar uchun – 600 so‘m.

Tabiiy gaz bo‘yicha:

a) aholi uchun 1 kub m tabiiy gaz iste’moli oyiga isitish mavsumida 700 kub metrgacha – 410 so‘m, 700 kub metrdan yuqori har 1 kub metr uchun – 1 200 so‘m, isitish mavsumidan tashqari davrda 200 kub metrgacha – 410 so‘m, 200 kub metrdan yuqori har 1 kub metr uchun – 1 200 so‘m;

Misol uchun, isitish mavsumida 700 kub m gacha tabiiy gaz iste’mol qiluvchi abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 21 ming so‘mgacha, 1 000 kub m gacha iste’mol qiluvchi abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 267 ming so‘mgachani tashkil etadi.
Shuningdek, isitish mavsumidan tashqari davrda 200 kub m gacha tabiiy gaz iste’mol qiluvchi abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 6 ming so‘mgacha, 300 kub m gacha iste’mol qiluvchi abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 88 ming so‘mgachani tashkil etadi.

b) 1 kub m tabiiy gaz Navoiy KMK, Olmaliq KMK va byudjet tashkilotlari uchun – 1 300 so‘m, avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari uchun – 1 200 so‘m, issiqlik elektr stansiyalari uchun – 1 000 so‘m hamda qolgan yuridik shaxslar uchun – 1 150 so‘m.

Suyultirilgan gaz esa aholi uchun – 1 600 so‘m miqdorida belgilanmoqda. Bunda, 1 abonentga bir oyda o‘rtacha 20 kg suyultirilgan gaz yetkazib berilishini hisobga olsak, abonentning qo‘shimcha xarajati bir oyda 9,6 ming so‘mni tashkil etadi. “Hududgazta’minot” AJ korxonalari suyultirilgan gazni tuman hokimliklari bilan birgalikda tasdiqlangan grafiklarga muvofiq aholiga kunma - kun yetkazib berishni ta’minlaydi.

“Korxonalarni uzoq muddatli rejalashtirishga moslashtirish, operatsion samaradorlikni va energotejamkorlikni oshirish hamda tannarxni pasaytirish uchun “perspektiv mo‘ljal”ni ko‘rsatish maqsadida joriy yil uchun yangi narxlar bilan birga 2023 yil 1 apreldan kuchga kiradigan yangi narxlarni ham tasdiqlash taklif etilmoqda”, deyiladi sharhda.

Bunda, 2023 yil 1 apreldan quyidagi narxlar joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda:

a) Elektr energiyasi bo‘yicha:

•    Navoiy KMK, Olmaliq KMK va byudjet tashkilotlari uchun 800 so‘m miqdoridagi narxni saqlab qolish;

•    qolgan yuridik shaxslar uchun – 700 so‘m.

b) Tabiiy gaz bo‘yicha:

•    issiqlik elektr stansiyalari uchun – 1 200 so‘m;

•    Navoiy KMK, Olmaliq KMK va byudjet tashkilotlari uchun – 1 350 so‘m;
•    avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari uchun – 1 400 so‘m;

•    qolgan yuridik shaxslar uchun – 1 350 so‘m etib belgilash.

2023 yil 1 apreldan o‘rnatiladigan yoqilg‘i-engergetika resurslarining narxlari 2024 va 2025 yillarda faqatgina inflyatsiya darajasiga indeksatsiya qilib boriladi, 2026 yildan boshlab esa elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gazning ulgurji bozoriga o‘tiladi hamda narxlar erkin shakllanadi.

Qo‘shimcha ravishda shuni ma’lum qilinishicha, ushbu qaror loyihasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 13 apreldagi 310-son qarori bilan tasdiqlangan “2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasi elektr energetika tarmog‘idagi tarif siyosatining asosiy yo‘nalishlari”dagi quyidagilarga asoslangan:

•    elektr energiyasi uchun belgilangan tartibda tasdiqlangan tariflar 2023 yildan boshlab, uch yildan kam bo‘lmagan muddatga amal qiladi;

•    aholining kam ta’minlangan va himoyaga muhtoj qatlamlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash elektr energiyasining bazaviy normasini qo‘llash hamda elektr energiyasi uchun tariflar oshganda kompensatsiyalar berish yo‘li bilan ta’minlanadi;

•    tariflar umum qabul qilingan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni (inflyatsiya, iste’mol narxlari indeksi darajasi) hisobga olgan holda tuzatiladi.

Qayd etilishicha, respublikada yoqilg‘i-energetika resurslariga talab yildan-yilga oshib bormoqda. Xususan, oxirgi besh yilda aholiga yetkazib berilgan elektr energiyasi 11 mlrd kVt soatdan 16 mlrd kVt soatgacha (1,5 barobarga ko‘p), tabiiy gaz hajmi esa 10 mlrd kub metrdan 13 mlrd kub metrga (1,3 barobarga ko‘p) oshmoqda.

Energiya ta’minotidagi uzilishlar (2021 yilda haqiqiy talabga nisbatan 2-3 mlrd kVt soat elektr energiyasi yetkazib berilmagan), ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatining pastligi, soha korxonalarining moliyaviy holati barqaror emasligi sababli energiya resurslariga yuzaga kelayotgan qo‘shimcha talabni ta’minlash uchun ishlab chiqarishning yangi quvvatlarini barpo etish, xususiy investitsiyalarni keng jalb etish uchun energiya resurslari bozorini bosqichma-bosqich isloh qilishni talab etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

gaz elektr energiya

Baholaganlar

203

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing