O‘zbekistonda futzal mavsumi yakunlandi
Sport
−
12 iyun 2023
3632Kecha, 11 iyun kuni futzal bo‘yicha O‘zbekiston Oliy ligasida mavsumning so‘nggi o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. O‘tgan mavsum Birinchi ligada g‘olib bo‘lgan BMB jamoasi debyut mavsumidayoq Oliy ligada ham chempionlikni qo‘lga kiritdi.
Mavsumning so‘nggi bahsida BMB futzalchilari “Jizzax Kenteks” darvozasiga javobsiz 7 ta to‘p kiritdi. Gollarga Muzaffar Ahadjonov (3 ta), Hebbert Oliveira, Akbar Usmonov va Abbos Elmurodov mualliflik qildi.
Uchrashuvdan so‘ng chempion jamoani va mavsumning eng yaxshilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unga ko‘ra, yil davomida 51 marta raqib darvozasini ishg‘ol qilgan OKMK a’zosi Abdulla Solihov mavsumning eng yaxshi to‘purari sifatida “Oltin butsa”ga ega chiqdi.
BMB jamoasini o‘z tarixida birinchi bor chempionlik sari yetaklagan bosh murabbiy Nodir Eliboyev eng yaxshi murabbiy deb e’tirof etildi. Jamoa hujumchisi Muzaffar Ahadjonov esa Oliy liganing joriy mavsumdagi eng yaxshi futzalchisi deb topildi.
Oliy ligada umumiy 12 ta jamoa 33 ta uchrashuv o‘tkazdi. Chempionat yakunlariga ko‘ra, OKMK kumush, “Jizzax Kenteks” jamoasi esa bronza medalini qo‘lga kiritdi. Farg‘onaning “Neftchi” jamoasi so‘nggi o‘rinni egallab, Oliy ligani tark etdi.
LiveBarchasi