O‘zbekistonda Fuqaro aviatsiyasi universiteti tashkil etiladi
Jamiyat
−
26 dekabr 2025 2252 2 daqiqa
O‘zbekistonda Fuqaro aviatsiyasi universiteti tashkil etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 26 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llayotgan murojaatnomasida ma’lum qildi.
“Yangi samolyotlarimiz uchun uchuvchilar, ularga texnik xizmat ko‘rsatuvchilar, aeroportlar uchun servis va boshqaruv sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida Fuqaro aviatsiyasi universiteti tashkil etiladi”, dedi Prezident.
Mahalliy aviaqatnovlarni oshirish uchun subsidiyalashning yangi tizimi joriy etiladi. Endi narxidan qat’i nazar, sotilgan har bir chipta uchun aniq miqdorda subsidiya ajratiladi. Bu chipta narxini pasaytirish va talabni oshirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, yangi samolyotlar uchun uchuvchilar, ularga texnik xizmat ko‘rsatuvchilar, aeroportlar uchun servis va boshqaruv sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida Fuqaro aviatsiyasi universiteti tashkil etiladi.
Ichki temiryo‘llarni rivojlantirish bo‘yicha besh yillik dastur qabul qilinadi. Shaharlarni tezyurar poyezdlar qatnovi bilan bog‘lash uchun 2026 yildan yana 500 kilometr temir yo‘l qurilishi boshlanadi.
Kelgusi yili 110 kilometr temir yo‘l tarmog‘i qurilib, Bo‘ka, Piskent, Bekobod, Boyovut tumanlari hamda Nurafshon shahri poytaxt bilan bog‘lanadi. “Toshkent – Samarqand” yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanadigan yo‘lovchi poyezdlar uchun yangi temir yo‘l liniyasini qurish boshlanadi.
Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Navoiydagi vokzallar ham xususiy sheriklik uchun beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston ilk bor o‘zining sun’iy yo‘ldoshi va fazogirini kosmosga uchirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi