O‘zbekistonda Facebook, Telegram va Instagram bloklangani bo‘yicha surishtiruv o‘tkaziladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda Youtube, Facebook, Telegram, Instagram hamda Moy Mir, Odnoklassniki, Linkedln kabi ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishi bo‘yicha surishtiruv olib boriladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining Matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

“Prezident topshirig‘iga asosan Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi boshlig‘i G‘olibsher Ziyayev noto‘g‘ri va kelishilmagan xatti-harakatlari uchun egallab turgan vazifasidan chetlatildi, ro‘y bergan holat yuzasidan tergov-surishtiruv harakatlari olib boriladi”, degan Asadov.

Uning ta’kidlashicha, surishtiruv yakunlari bo‘yicha ro‘y bergan holatda aybdor bo‘lgan barcha mutasaddi rahbarlarga nisbatan tegishli javobgarlik choralari ko‘riladi.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 3 noyabr kuni soat 19:30 lar atrofida O‘zbekistonda “Moy Mir”, “Odnoklassniki”, “Youtube”, “Facebook”, “Telegram”, “Instagram” va “Linkedn” kabi messenjer va ijtimoiy tarmoqlar faoliyatida uzilishlar kuzatila boshlandi. Keyinroq Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi ushbu platformalarni Shaxsga doir ma’lumotlar sub’ektlari huquqlarini buzuvchilar reyestriga kiritgani ma’lum bo‘ldi.

Oradan ko‘p o‘tmay, ushbu tarmoqlar faoliyatiga qo‘yilgan cheklov rasman bekor qilindi. Cheklovni o‘rnatgan tashkilot Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi rahbari G‘olibsher Meliboyevich Ziyayev Bosh vazir qarori bilan egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonunning 27-1-moddasi talablariga zid ravishda O‘zbekiston fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berayotgan “Twitter”, “TikTok” “WeChat” “Skype” “VKontakte” kabi ijtimoiy tarmoqlar hamon blokda qolmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

177

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing