O‘zbekistonda erta nikohni yashirganlar jazolanishi mumkin
Jamiyat
−
10:57 601 1 daqiqa
O‘zbekistonda erta nikoh va 16 yoshga to‘lmagan qizlarning homiladorligi haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bermaganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilishi mumkin. Bu haqda Bosh prokuratura tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qonun loyihasida so‘z boradi.
Loyihaga ko‘ra, erta nikoh va 16 yoshga to‘lmagan qizlarning homiladorligi haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bermagan fuqarolar va xodimlarga bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 3-5 baravari (1,32 mln so‘mdan 2,2 mln so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa BHMning 5-10 baravari miqdorida (2,2 mln so‘mdan 4,4 mln so‘mgacha) jarima qo‘llanilishi mumkin.
Agar huquqbuzarlik bir yil ichida takror sodir etilsa, jarima miqdori fuqarolar va xodimlar uchun BHMning 5-10 va 10-15 baravarigacha oshiriladi.
Javobgarlik fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, FHDYO, ta’lim va tibbiyot muassasalari hamda diniy tashkilotlar vakillariga ham taalluqli bo‘lishi mumkin. Ular erta nikoh, 16 yoshga to‘lmagan voyaga yetmaganlarning homiladorligi va boshqa huquqbuzarliklar haqida ichki ishlar organlari hamda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga xabar berishi lozim.
Qonun loyihasi muhokamasi joriy yil 19 sentyabrga qadar davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yil holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda nikoh barqarorligi koeffitsiyenti 175,6 promilleni tashkil etgani haqida xabar berilgan edi. Bu har 1000 ta nikohga o‘rtacha 175 ta ajrim to‘g‘ri kelishini anglatadi.
Live
Barchasi