O‘zbekistonda erta nikohga faqat ikki holatda ruxsat berilishi mumkin

Jamiyat

image

O‘zbekistonda nikoh yoshini bir yilga kamaytirishga faqat homiladorlik yoki bola tug‘ilgan holatlarda ruxsat berish taklif etilmoqda. Bu haqda bugun, 11 sentyabr kuni Senatning 19-yalpi majlisida Bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilnoza Kattaxonova ma’lum qildi.

Senatning 19-yalpi majlisida O‘zbekistonda oila institutini mustahkamlash va nikohdan ajralishlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilingan.

Dilnoza Kattaxonovaning ma’lum qilishicha, Oila kodeksining 15-moddasiga tegishli o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilgan va hozirda Prezident Administratsiyasida turibdi. Unga ko‘ra, nikoh yoshini kamaytirish uchun amaldagi boshqa “uzrli sabablar” chiqarib tashlanib, faqat homiladorlik va bola tug‘ilishi asos sifatida qoldiriladi.

Qo‘mita raisi buning sababini izohlar ekan, Senat o‘rganishlari davomida nikoh yoshini kamaytirish uchun belgilangan boshqa “uzrli sabablar” korrupsiyaviy xavflarni yuzaga keltirishi mumkinligi aniqlanganini ta’kidlagan.

Yangi tartib joriy etilsa, “Adliya+” mobil ilovasi va my.adliya.uz orqali nikohga onlayn ariza berishda 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga avtomatik cheklov saqlanib qoladi. Bunday shaxslar faqat tuman yoki shahar hokimining nikoh yoshini kamaytirish haqidagi qarori kiritilganidan so‘ng ariza topshira oladi.

Shuningdek, erta nikohlarning oldini olish maqsadida javobgarlikni kuchaytirish taklif etilmoqda. Xususan, birinchi marta voyaga yetmaganlar bilan nikoh qurishni targ‘ib qilganlik uchun BHMning 10 baravari miqdorida jarima qo‘llash belgilanmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida xotin-qizlar faollari xabarlari asosida 348 ta erta nikohning oldi olingan.

Majlisda nikohdan ajralishlar masalasiga ham e’tibor qaratilgan. Dilnoza Kattaxonova ajrimlarga sabab bo‘layotgan asosiy omillar sifatida o‘zaro ishonchsizlik, bir-birini tushunmaslik, moddiy yetishmovchilik va uchinchi shaxsning aralashuvini keltirgan.

“Shu ajrim masalasini alohida tahlil qilganimizda, bizda ikkita asosiy sabablar shakllanyapti. Birinchisi, bu sudlarga bo‘lgan murojaatlarda 54 foiz sabablar orasida umuman asosli bo‘lmagan, ya’ni xarakteri bir-biriga to‘g‘ri kelmaslik yoki o‘zaro ishonchsizlik, oilaga tayyor emasligi degan vajlar keltirilmoqda. Demak, bularni bir-biriga qo‘shganda 60 foizdan oshiq sabab sifatida ko‘rsatilyapti, ya’ni bular bilan bemalol “mahalla yettiligi” ishlab, bu sabablarni bartaraf etish imkoniga ega. Ijtimoiy fikr o‘tkazgan tadqiqotda ham ajrimlarning sabablari sifatida so‘rovnomadan o‘tganlarning 50 foizida o‘zaro ishonchsizlik, 46 foizida bir-birini tushunmaslik, 34 foizida moddiy yetishmovchilik va 29 foizda uchinchi shaxs aralashuvi sifatida sabablar keltirilyapti”, deydi Kattaxonova.

Shu bilan birga, joriy yilning birinchi yarmida nikohdan ajratishga doir 2 666 ta ishda taraflar yarashtirilgan. Biroq shu davrda oilaviy nizolar bo‘yicha atigi 151 ta mediativ kelishuv tuzilgan.

Qo‘mita raisi kelgusida oilalar bilan ishlash ommaviy tadbirlardan manzilli va natijaga yo‘naltirilgan tizimga o‘tkazilishini aytgan. Uning ta’kidlashicha, nizoli oilalarni sudga ajrim berishidan oldin, mahallada dastlabki xavf belgilari paydo bo‘lgan bosqichda aniqlash va ular bilan ishlash tizimi kuchaytiriladi.

Shuningdek, har bir mahallada xotin-qizlar faollarini mediator sifatida tayyorlash rejalashtirilmoqda.

Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda erta nikoh va 16 yoshga to‘lmagan qizlarning homiladorligi haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bermaganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing