O‘zbekistonda erta nikoh 7 baravarga oshdi. Buning chorak qismi sevgi-muhabbat bilan izohlanmoqda (video)

Jamiyat

image

O‘zbekistonda erta turmush 2024 yilda 2023 yilga nisbatan 7 baravarga ko‘paygan. Bu haqda bugun, 18 mart kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining beshinchi yalpi majlisida senator Gulnora Ma’rufova ma’lum qildi.

Senatda Bola huquqlari bo‘yicha vakilning bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari tomonidan rioya etilishi holati haqidagi ma’ruzasi ko‘rib chiqilgan. Senator Gulnora Ma’rufova yoshlar orasida erta turmush 2024 yilda 300 ga yaqin bo‘lgani va bu o‘tgan 2023 yilga nisbatan 7 baravarga ko‘payganini qayd etib, nikohlar qizlarning ixtiyorisiz, ota-onalar yoki qarindoshlarning bosimi ostida bo‘layotganini ta’kidladi.

“Bu borada qanday yangiliklar bor va qanday ta’sirchan choralar ko‘rilyapti, qanaqa takliflar bor?”, deya Xotin-qizlar qo‘mitasi vakiliga savol berdi Gulnora Ma’rufova.

Mazkur savolga oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mukarram Nurmatova javob berdi.

“Haqiqatan ham bu yil o‘tgan yilga nisbatan erta nikohlar keskin oshgan. Bu yanayam mahalla faollarining, ijtimoiy himoya xodimlarining uyma-uy kirib, ishga mas’uliyat bilan yondashib holatlarni aniqlaganida ko‘rindi. Biz mazkur masala bo‘yicha mas’ul tashkilotlar bilan kelishgan holda ish olib bordik va o‘rganishlarda nikohlarning 70 foizida ota-ona sababchi ekani, 26 foizda bunga sevgi-muhabbat sabab qilib ko‘rsatilgani, 3,4 foizda esa homila bilan bog‘liqligi, 1,5 foizi esa diniy qarashlar bilan aloqador ekani bilan izohlagan”, deydi Mukarram Nurmatova.

Mukarram Nurmatovaga ko‘ra, Oila kodeksining 15-16 moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha ish olib borilgan. Qonunchilik bo‘yicha ayni holat bilan bog‘liq ayrim istisno paytlarda tuman va shahar hokimlari erta nikoh qurish uchun ruxsat beradi. Lekin loyihaga ko‘ra, endilikda agar shunday zarurat bo‘lsa, ya’ni bola tug‘ilishi, homiladorlik, voyaga yetmagan shaxsning muomalaga to‘la layoqatli deya e’lon qilinganda nikoh yoshini ko‘pi bilan 1 yilga kamaytirishga ruxsat beriladi. Shuningdek, bunday holat uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 473-moddasida nazarda tutilgan jarimani ham oshirish taklif qilinmoqda.

Quyidagilar uchun jarimalar miqdorini oshirish belgilanmoqda:

  • nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish – BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (3,4 million so‘mdan 5,1 million so‘mgacha). Amalda BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha;

  • ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan nikoh yoshiga yetmagan shaxsni erga berish yoxud uylantirish – BHMning 15 baravaridan 20 baravarigacha (5,1 million so‘mdan 6,8 million so‘mgacha);

  • nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida, shu jumladan, nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish – BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha (6,8 million so‘mdan 10,2 million so‘mgacha);

  • qonunda o‘rnatilgan nikoh tuzish va rasmiylashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan tartib va shartlarni buzish – BHMning 15 baravaridan 30 baravarigacha (5,1 million so‘mdan 10,2 million so‘mgacha).


Maqola muallifi

Teglar

nikoh erta turmush erta nikoh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing