Afg‘onistonda har ikki qizdan biri voyaga yetmasdan turmushga berilmoqda – BMT
Olam
−
09:49 1468 3 daqiqa
Afg‘onistonda qizlarning erta turmushga berilishi ularning ta’lim olishi, sog‘lig‘i va kelajakdagi imkoniyatlariga tahdid solmoqda. Bu haqda BMT Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) 11 oktyabr – Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan ma’lum qildi.
UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonda 20-24 yoshli ayollarning 28,7 foizi 18 yoshga to‘lmasdan turmushga chiqqan. Ayrim hududlarda esa har ikki qizdan biri voyaga yetmasdan turmushga beriladi. Bu haqdagi ma’lumotlar 2022-2023 yillarda o‘tkazilgan ko‘p ko‘rsatkichli klaster tadqiqoti natijalarida keltirilgan.
Qayd etilishicha, erta turmush qizlarning ta’limini to‘xtatib qo‘yishi, ularning sog‘lig‘i va farovonligiga zarar yetkazishi mumkin. Shuningdek, bu holat zo‘ravonlik va ijtimoiy yakkalanish xavfini oshiradi. Erta homiladorlik va tug‘ruq esa qizlar hayotiga jiddiy tahdid soladi.
Jamg‘arma ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonda 15-19 yoshdagi qizlar o‘limining asosiy sabablaridan biri homiladorlik va tug‘ruq bilan bog‘liq asoratlardir.
UNICEF bolalarni erta turmushga berishning oldini olish mumkinligini ta’kidlab, buning uchun qizlarning ta’lim olishini ta’minlash, oilalarni ijtimoiy himoya qilish va qonunchilikni takomillashtirish muhimligini qayd etgan. Tashkilot oilalar, diniy va jamoat yetakchilari hamda xalqaro hamkorlarni bu borada birgalikda harakat qilishga chaqirgan.
Shuningdek, jamg‘arma “Tolibon” ma’muriyatidan oltinchi sinfdan yuqori sinflarda qizlarning o‘qishini tiklashni so‘ragan.
Ma’lumot uchun, “Tolibon” 2021 yilning avgust oyida hokimiyatga qaytganidan keyin qizlarning oltinchi sinfdan yuqori bosqichlarda ta’lim olishi cheklangan. 2022 yilning dekabr oyida esa ayollarning universitetlarda o‘qishi ham taqiqlangan.
UNICEF joriy yilning avgustida Afg‘onistonda 2,6 milliondan ortiq qiz o‘rta ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘lganini bildirgan. Tashkilotga ko‘ra, Afg‘oniston qizlar va ayollar uchun o‘rta hamda oliy ta’lim amalda yopilgan dunyodagi yagona mamlakat bo‘lib qolmoqda.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, 20-24 yoshli ayollarning 9,6 foizi 15 yoshga to‘lmasdan turmushga chiqqan. Erta nikoh holatlari kambag‘al oilalarda va ta’lim darajasi past bo‘lgan ayollar orasida ko‘proq uchraydi.
Bundan tashqari, qizlar ta’limi va ayollar mehnat faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlar mamlakat iqtisodiyotiga ham zarar yetkazmoqda. UNICEF 2026 yil aprel oyida amaldagi cheklovlar 2030 yilga borib Afg‘onistonda 20 ming nafargacha ayol o‘qituvchi va 5 400 nafar ayol tibbiyot xodimi yetishmasligiga olib kelishi mumkinligini bildirgan. Tashkilot hisob-kitoblariga ko‘ra, bu cheklovlar mamlakatga har yili qariyb 84 million dollar miqdorida iqtisodiy yo‘qotish keltirmoqda.
UNICEF qizlarning ta’lim olishi va ayollarning jamiyat hayotida to‘liq ishtirok etishiga to‘sqinlik qilayotgan cheklovlarni bekor qilishga chaqirmoqda. Tashkilot, shuningdek, erta turmush xavfi ostidagi qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga ta’lim, tibbiy yordam va himoya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini yaratish bo‘yicha ishlarni davom ettirishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati 2021 yilda hokimiyatni qayta egallaganidan beri taxminan 2,4 million nafar afg‘on qizini o‘rta ta’lim olish imkoniyatidan mahrum qilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi