“Tolibon” qariyb 2,5 mln qizning maktabga borishini taqiqlagan – UNESCO
Olam
−
15:05 772 2 daqiqa
Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati 2021 yilda hokimiyatni qayta egallaganidan beri taxminan 2,4 million nafar afg‘on qizini o‘rta ta’lim olish imkoniyatidan mahrum qilgan. Bu haqda BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (UNESCO) xabar qildi.
Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘oniston qizlar va ayollarning o‘rta va oliy ta’lim olishi rasman taqiqlangan dunyodagi yagona davlat bo‘lib qolmoqda. UNESCO bu cheklovlar mamlakatni o‘nlab yillik rivojlanish imkoniyatlaridan mahrum qilishi, qashshoqlikni chuqurlashtirishi va qaytarib bo‘lmaydigan zarar keltirishi mumkinligini bildirgan.
UNESCO hisob-kitoblariga ko‘ra, ayollarning o‘rta va oliy ta’lim olishiga qo‘yilgan taqiq 2066 yilga qadar 600 ming nafar afg‘on ayolini mehnat bozoridan chiqib ketishiga olib kelishi mumkin. Bu, shuningdek, mamlakatda jami 9,6 milliard dollar daromad yo‘qotilishi va erta nikohlar xavfi oshishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Ma’lumot uchun, “Tolibon” 2021 yilda AQSH va uning ittifoqchilari Afg‘onistondan chiqib ketishi ortidan hokimiyatga qaytganida, ayollar ta’lim olishda davom etishini bir necha bor bildirgan edi. Biroq 2022 yil mart oyida qizlarning o‘rta maktablarga borishi taqiqlandi. Shu yil dekabr oyida esa ayollarning universitetlarda o‘qishiga ham taqiq joriy etildi. “Tolibon” har ikki cheklovni vaqtinchalik deb atagan, ammo ular hanuz amalda qolmoqda.
“Tolibon”ning ayollar huquqlariga oid cheklovlari ularning ishlashi va erkin harakatlanishini ham cheklaydi. UNESCO’ning ta’kidlashicha, ayollarning oliy ta’lim olishiga qo‘yilgan cheklovlar mamlakatda ayol o‘qituvchilar tanqisligini ham kuchaytirishi mumkin. Tashkilot 2030 yilga borib Afg‘onistonda 11 mingdan ortiq malakali ayol o‘qituvchi yetishmasligini prognoz qilgan.
UNESCO ma’lumotlariga ko‘ra, 10 yoshli bolalarning 90 foizidan ortig‘i oddiy matnni o‘qiy olmaydi, mamlakatda savodxonlik darajasi esa 37 foizni tashkil etadi.
Maktablarning qariyb yarmida suv, sanitariya yoki isitish tizimi mavjud emas. 2021 yildan beri zilzila va suv toshqinlari kabi tabiiy ofatlar tufayli 1 000 ta maktab yopilgan. 2025 yilning o‘zida esa 3 million kishi majburan yoki ixtiyoriy ravishda Afg‘onistonga qaytib kelgan va bu ta’lim tizimiga qo‘shimcha bosim yuzaga keltirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistonda 14 million kishi kuchli oziq-ovqat tanqisligiga duch kelayotgani, bu mamlakat aholisining qariyb 32 foizini, ya’ni har uch kishidan birini tashkil etishi xabar qilingandi.
Live
Barchasi