O‘zbekistonda erkaklar otalik ta’tiliga chiqishi mumkin
Jamiyat
−
19:14
2886Endilikda O‘zbekistonda ishlayotgan erkaklar farzandli bo‘lganida turmush o‘rtog‘iga yordam berish yoki boshqa farzandlariga qarab turishi uchun qisqa muddatli ta’tilga chiqishi mumkin. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida so‘z boradi.
Deputat Nodir Tilavoldiyevning aytishicha, qonun loyihasi oilaviy majburiyatlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi:
“Oilada farzand tug‘ilganidan keyin bir oy ichida erkaklar 5 kun davomida oyligi saqlangan holda ta’tilga chiqishi mumkin bo‘ladi. Bu, ayniqsa, oilada yangi hayot boshlanishida ota sifatida erkaklarning o‘z mas’uliyatini to‘laqonli bajara olishiga ko‘mak beradi”, deydi deputat.
Qayd etish joizki, O‘zbekiston milliy qonunchiligida ilgari bunday ta’til nazarda tutilmagan edi. Shu bois erkaklar kasbiy va oilaviy majburiyatlarini uyg‘unlashtirishda qiyinchilikka duch kelgan yoki o‘z hisobidan ta’til olishga majbur bo‘lgan.
Qonun loyihasida mehnat huquqlarining tengligini ta’minlashga ham e’tibor qaratilgan. Mehnat jarayonida tazyiq va zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ygan xodimni ish beruvchi tashabbusi bilan boshqa ishga o‘tkazish yoki ishdan bo‘shatish amaliyoti joriy etilishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, oilaviy zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar ijtimoiy ehtiyojmand toifalar ro‘yxatiga kiritilib, ularni ishga joylashtirishda qo‘shimcha kafolatlar berilishi ko‘zda tutilgan.
Jasmina Rasulova
LiveBarchasi