O‘zbekistonda Bosh vazir qabulxonalari tashkil etiladi
Jamiyat
−
15 may 2019
5317Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzolagani haqida xabar bergan edik.
Farmonga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Adliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasining O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari (keyingi o‘rinlarda – Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari) tashkil etilishi belgilandi.
Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:
- tadbirkorlik sub’ektlarini hamda chet ellik investorlarni qabul qilish, shu jumladan, videokonferensaloqa vositasida va sayyor qabullarni o‘tkazish;
- tadbirkorlik sub’ektlarining, shu jumladan, chet ellik investorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilinishini ta’minlash;
- tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan muammoli masalalarni ko‘rib chiqish va mavjud byurokratik, shu jumladan, yer uchastkalari va binolar, kreditlar ajratish, ruxsat beruvchi hujjatlarni olish masalalaridagi to‘siqlarni bartaraf etish;
- tadbirkorlikni rivojlantirishga va chet el investitsiyalarini jalb etishga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolarni monitoring qilish, umumlashtirish va tahlil qilish, shuningdek, bu sohadagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
- tadbirkorlarning muammolarini hal etish maqsadida ularni qabul qilish, umumlashtirish, monitoring olib borish va nazorat qilish uchun samarali platforma joriy etilishini nazarda tutuvchi “business.gov.uz” yagona interaktiv portali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri murojaatlari vakolatli organlar tomonidan hal etilmagan tadbirkorlik sub’ektlarini, shu jumladan, chet ellik investorlarni doimiy asosda shaxsan qabul qiladi.
LiveBarchasi